O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori Ikrom Narimov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatida yo‘l-transport sohasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Dastlab Ishchi guruh Asaka tumanida “Tashabbusli byudjet” dasturining joriy yil 1-mavsumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tumandagi “Fidokor”, “Bozorboshi” va “Gumbaz” mahalla fuqarolari yig‘inlari aholisi ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazdi. Fuqarolarning mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan taklif, fikr va mulohazalari eshitildi. Ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilishga oid loyiha-smeta hujjatlari bilan tanishildi.

Shuningdek, Xonobod shahridagi yurtimizni Qirg‘iziston Respublikasi bilan bog‘lab turuvchi M 41 “Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo‘lining 585,2 kilometrida “Shahrixonsoy” soyi ustidan o‘tuvchi “Keskanyor” avtomobil ko‘prigida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari ko‘zdan kechirildi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi, belgilangan muddatlar va sifat talablariga rioya etilishi masalalari tahlil qilindi.

Ishchi guruh tomonidan Andijon tumani hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatidagi D 132 “Andijon halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 20-29 kilometr qismini 4 tasmali avtomobil yo‘liga o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan qayta qurish ishlari, mazkur ishlarning belgilangan loyiha-smeta asosida bajarilishi o‘rganildi.
Shundan so‘ng Andijon temir yo‘l vokzalining faoliyati bilan tanishildi. Temir yo‘l vokzalida yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar, vokzal infratuzilmasi, xavfsizlik choralari va xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha tahlillar o‘tkazildi.

Alohida tartibda, vokzal hududidagi temir yo‘l ustidan o‘tuvchi, ikki qismga bo‘lingan Bobur shohko‘chasini birlashtiruvchi ko‘prik qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. O‘rganish davomida ob’ektdagi mavjud muammolar muhokama qilinib, qurilish ishlarini jadallashtirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, loyiha-smeta hujjatlariga asosan ajratilgan byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh tomonidan Andijon xalqaro aeroportida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va zamonaviy qulayliklar yaratish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar ham o‘rganildi. O‘rganish jarayonida kutish zallari, xavfsizlik tizimlari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari va aeroport infratuzilmasining umumiy holati tahlil qilindi.
O‘rganish yakunida mas’ullarga ajratilgan mablag‘larni maqsadli va o‘z vaqtida o‘zlashtirish, mavjud xato va kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, barcha ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari