Ishchi guruh Qoraqalpog‘istonda o‘rganish olib bordi
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi va uning ishchi guruhi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar olib bordilar.
O‘rganishlar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida mahalla faoliyatiga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar, hududiy tashkilotlar rahbarlari, “mahalla yettiligi” vakillari hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida navbatdagi o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda mahallalarda nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini keng joriy qilish, fuqarolar o‘rtasida kelishuv madaniyatini rivojlantirish hamda mediatsiya institutining o‘rni va ahamiyati muhokama qilindi.

Tadbir davomida Adliya vazirligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari oilaviy nizolarni mediatsiya yo‘li bilan hal etish, mahalla raislari orasidan professional mediatorlarni tayyorlash masalalari yuzasidan amaliy tavsiya va ko‘rsatmalar berdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, mavzu yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar batafsil javob qaytardi. Mazkur o‘quv-seminar mahallalarda nizolarning oldini olish, ularni mediatsiya orqali samarali hal etish amaliyotini kengaytirish hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtabi va uning ishchi guruhi a’zolari Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi faoliyati, axborot xavfsizligiga oid jinoyatlarni fosh etish va bu boradagi tergov samaradorligi bilan tanishdi.
Xususan, boshqarma binosida “Prokuror xonasi”ni tashkil qilish orqali tezkor-qidiruv va dastlabki tergovda o‘zaro hamkorlik hamda amaliy yordam ko‘rsatish ishlari o‘rganildi. Shuningdek, boshqarma tarkibida tashkil etilgan multimedia markazida aholining huquqiy ongini oshirishga qaratilgan videomateriallar, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda amaliyotdagi muammolar va ularni bartaraf qilish yuzasidan respublika prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti o‘tkazildi.
Bundan tashqari, respublika prokuraturasi o‘tkazgan tahliliy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan oltita hududda tashkil qilingan kuchaytirilgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish orqali mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Idoralararo shtab a’zolari tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida dispanser hisobida turgan bemorlarning oila a’zolari hamda tibbiyot xodimlari ishtirokida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Unda mazkur toifadagi bemorlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida ularga dori-darmonlarni o‘z vaqtida berish, ularni parvarishlash, uy sharoitida bemorlar bilan to‘g‘ri muloqot qilish bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi. Shuningdek, bemorlarni belgilangan tartibda majburiy davolanishga yuborish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bundan tashqari, ushbu toifadagi bemorlarning yaqin qarindoshlari murojaatlari, ularni davolash uchun ajratilgan dori vositalarining yetarliligi o‘rganildi. O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhi tomonidan Nukus shahridagi “Yoshlar markazi”da “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbirda yoshlar bilan samimiy suhbatlashilib, ularning ta’lim jarayonidagi ehtiyojlari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Yoshlarning o‘z tengdoshlari orasida jinoyatlarning barvaqt oldini olish, bandligini ta’minlash, kasbga yo‘naltirish, IT sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasidagi startaplar bo‘yicha bildirgan fikrlari qo‘llab-quvvatlanib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi rahbari – Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev raisligida Prezidentning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahallalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi va ularni bartaraf etish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Kengaytirilgan tarzda o‘tgan yig‘ilishda Jo‘qorg‘i Kenges, Vazirlar Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Adliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya, “O‘zbekiston mahallalari” uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining mas’ul rahbarlari, ularning hududiy tuzilmalari boshliqlari, respublika, shahar va tumanlar ishchi guruhi a’zolari hamda hokim o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish, mahallalarni videokuzatuv kameralari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash, namunaviy “xavfsiz ko‘cha” va “xavfsiz uy”larni tashkil etish, alohida toifaga kiruvchi, probatsiya nazoratidagi hamda muqaddam sudlangan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini o‘rganib, bartaraf etish, shuningdek, tibbiyot muassasalari hisobida turuvchi shaxslarni majburiy davolash borasida ko‘rilayotgan choralar hamda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish hamda faoliyatini namunali tashkil etgan mas’ullarni rag‘batlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri