Ishchi guruh Nurotada o‘rganishlar olib bordi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev rahbarligidagi ishchi guruh 2024-yilda makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish, tashkiliy chora-tadbirlarga ko‘maklashish maqsadida Navoiy viloyatining Nurota tumanida bo‘ldi.
Dastlab ishchi guruh a’zolari hududning infratuzilmasi bilan tanishib, “Chashma” tarixiy-me’moriy majmuasida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, muqaddas obidalarni saqlash va kelajak avlodga yetkazish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Nurota tumani hokimligi majlislar zalida mahalliy Kengashlar deputatlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tumanda 2024-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilab berilgan har bir vazifaning mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish berilib, vazifalarning ijrosi tahlil etildi va mutasaddilarning fikr-mulohazalari tinglandi.
– O‘rganishlar davomida aholi tomonidan Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani va Navoiy viloyatining Nurota tumanini bog‘lovchi avtomagistral yo‘lining 70 kilometr masofadagi qismini ta’mirlash masalasi qo‘yildi, – deydi Qonunchilik palatasi deputati Aqshagul Tulegenova. – Bu nafaqat aholiga, balki tumanga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun ham qulay bo‘ladi. Shuningdek, suv masalasida murojaatlar bo‘ldi. Tumanda suv masalasi og‘ir muammolardan biridir. Bu yerda oqar suv manbasi mavjud emas. Aholi nasos orqali yer ostidan suv oladi. Tog‘ yon bag‘rida yashovchilarning aksariyati esa buloq suvlaridan foydalanadi. Suv olish elektr energiyasi bilan bog‘liq ekanligi, elektr energiyasining esa qimmatlashayotganligi dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchilarga muammolar keltirib chiqarmoqda. Shunga o‘xshagan takliflarni o‘rganib, tegishligiga ko‘ra hukumatga kiritish masalasi qo‘yilmoqda.

Ishchi guruhi tomonidan bozorlarni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, narx-navo barqarorligini ta’minlash, eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida olib borilayotgan loyihalar samaradorligi ham o‘rganildi.
Ishchi guruh kichik sanoat zonasi hududida tashkil etilgan “Jom marble” MCHJ Xitoy xorijiy korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, tadbirkorning muammo va takliflari bilan qiziqdi.

Bu loyiha umumiy qiymati 5 million dollar bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshirilgan. Korxonada yiliga 120 ming metr kvadrat granit plitalari ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, ishchi guruhi “Nurota qorako‘l naslchilik” MCHJda bo‘ldi.
– Chorvachilik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak, – deydi MCHJ rahbari Hazratqul Qurbonov. – Hisob-kitob qilib ko‘rganman. Bitta qo‘yga 150 ming so‘m atrofida subsidiya ajratilsa, tuyoq soni ko‘payadi. Go‘sht arzonlashadi. Yem qimmat. Qish mavsumida bitta qo‘yni saqlash uchun 30-40 kg atrofida yem ketadi. Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘zimning taklif va mulohazalarimni aytdim. Niyatimiz chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish, aholini ish bilan ta’minlashdir.

Ishchi guruhi tomonidan qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni ishga tushirish, yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarga chek qo‘yish, sayohat va turizm sanoatini rivojlantirish uchun innovatsion biznes modellarini yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ham o‘rganildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri