Ishchi guruh Namanganda tadbirkorlar faoliyatini o‘rgandi
FOTOREPORTAJ
Shu kunlarda Namanganda ijtimoiy-ma’naviy yo‘nalishlar hamda “mahalla yettiligi” faoliyati tajribasini o‘rganayotgan Respublika ishchi guruhi tadbirkorlik sub’ektlari va ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar hamda yangi loyihalari bilan tanishdi.
Jarayonda ishchi guruh Dashtbog‘ mahallasidagi xonadonlarning birida bedanachilik bilan shug‘ullanib, yiliga 200 million so‘mdan ziyod daromad qilayotgan tadbirkor faoliyatini o‘rgandi. Xususan, tadbirkor Muhammadjon Mo‘minov o‘z xonadonida 2 ming 500 dona bedana parvarishlamoqda. U faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida 6 ming sig‘imga ega inkubatoriya tashkil etgan.
Ishchi guruh tomonidan mahalladagi boshqa xonadonlarda ham mazkur faoliyatni tashkil etish yuzasidan taklif bildirilib, ularga ish boshlashi uchun kredit mablag‘i ajratilishi imkoni haqida ma’lum qilindi.
Ishchi guruhi Bo‘ston mahallasida baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan Anvar Fazliddinov faoliyatini ham o‘rgandi. 6 sotixli xonadonning to‘rtdan bir qismida baliq yetishtiriladi. 1,5 sotix joyga 20 mingdan ortiq Afrika laqqasi chavoqlari tashlangan bo‘lib, ularning jami vazni kelgusida 50 tonnagacha yetishi mumkin.
[gallery-16110]
Tadbirkor kooperatsiya usulida boshqa xonadonlarda ham baliq boqishni yo‘lga qo‘yish imkoni borligi, uning o‘zi 50 dan ziyod xonadonga chavoqlarni yetkazib bera olishini ta’kidladi. Natijada, har bir xonadonda o‘rtacha 5 tonnagacha laqqa baliq yetishtirish ortidan 30-40 million so‘m daromad olishga erishiladi.
Respublika ishchi guruhi tomonidan tadbirkor taklifi ma’qullanib, unga faoliyatini kengaytirishi, kooperatsiya usulida ishlashiga imkoniyat yaratib berilishi bildirildi.
Shuningdek, Sharshara mahallasida hokim yordamchisi tashabbusi bilan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, Afrika laqqa balig‘i yetishtirayotgan yana bir yosh tadbirkor Rustam Tomaboyev faoliyati o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari jarayonda Namangandagi yirik korxonalardan biri - “NAMANGANMASH” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Ta’kidlash kerak, mazkur korxonada cho‘yan, uglerod va qotishma po‘lat, titan qotishmalari, rangli metallar va polietilenni qayta ishlash texnologiyalaridan foydalanilgan holda gaz va suv tarmoqlari uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA