Ishchi guruh muammolarni o‘rganmoqda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida joriy yilda xorijiy investitsiyalar hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan loyihalar o‘rganilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyatda joriy yilda jami 94 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Barcha loyihalarga tashabbuskor 15 ta vazirlik va idoralarning o‘rinbosarlari va xodimlari hamda viloyat hokimining o‘rinbosari va mas’ullari ishtirokida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammoli masalalar muhokama qilindi. Ularni qisqa muddatlarda ijrosini ta’minlash borasida topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ raislari o‘rinbosarlari hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va boshqa uyushmalarning mas’ullari hamda Bosh prokuratura tomonidan tuzilgan 4 ta ishchi guruhi a’zolariga loyihalarni joyiga chiqib, tadbirkorlar bilan uchrashish, belgilangan ishlarga to‘sqinlik qiladigan muammoli masalalarni o‘rganib, tezkorlik bilan qonuniy hal etish choralarini ko‘rish borasida qator topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh tomonidan Buxoro shahridagi “Kamalak Shabnam teks” MCHJning tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

O‘rganishda, loyihani amalga oshirishda kredit mablag‘larini rasmiylashtirish bilan bog‘liq muammolar aniqlanib, ushbu muammoni tez fursatda qonuniy hal etilishi yuzasidan mutasaddi idora vakillariga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri