Ishbilarmonlik, muloqot va o‘zaro kelishuvga chorlov
So‘z ko‘rgazma ishtirokchilariga
«O‘zekspomarkaz» markaziy ko‘rgazmalar majmuida o‘tkazilayotgan "INNOPROM. Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlaridan ishbilarmon doira vakillarining uchrashuvlari o‘rin oldi.
Uchrashuvlarda tibbiyot, farmatsevtika, sanoat kooperatsiyasi, yengil sanoat, muhandislik kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ikkinchi kundagi namoyishi esa ishtirokchilar bilan yanada gavjum bo‘ldi. Mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlarga bu yerga kelgan har bir fuqaro va mutaxassis katta qiziqish bilan qaramoqda.
Biz ko‘rgazma bilan tanishuv va muloqot chog‘ida ishlab chiqaruvchilar hamda mutaxassislar bilan muloqotda bo‘lib, ularning taassurotlari bilan qiziqdik.
Farruh Yoqubjonov, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi Tashqi aloqalar, marketing va ko‘rgazmalar faoliyati bo‘limi boshlig‘i:
– “O‘zcharmsanoat” uyushmasi ushbu xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ikkinchi bor qatnashmoqda. 2021 yildagi ko‘rgazma bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu galgisida ko‘proq investitsion salohiyat va jozibardorlikka katta ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda uyushma stendida mahsulotlardan namunalar bilan birga, investitsion takliflar uchun taqdimot materiallar ham qo‘yilgan. Ishtirokchilarga aynan shu taqdimotlar haqida ham ma’lumot beryapmiz. Belarus, Tojikiston, Rossiyaning bir nechta viloyatlaridan vakillar bilan mahsulotlar eksporti va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordik.
[gallery-6826]
Amaliy natijalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan yili o‘tkazilgan ko‘rgazma natijasida Rossiyaning “Bars” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Hozirgi kunda ushbu kompaniya Farg‘ona viloyatidagi mahalliy korxona bilan birgalikda qo‘shma korxona tashkil etib, maxsus poyabzal va uning ustki qismlarini ishlab chiqarmoqda. Rossiya Federatsiyasi esa bu mahsulotlarni MDH davlatlariga eksportni amalga oshiradi.
Malika Yorboboyeva, Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar Yengil sanoat va ipakchilik bo‘limi boshlig‘i:
– Ushbu ko‘rgazmada qatnashayotganimiz biz uchun katta imkoniyat bo‘lib, mamlakatimiz sanoati va yangi texnologiyalari yo‘nalishi rivojida tajriba almashish, kelishuvlarga erishish va hamkorlar topishga keng yo‘l ochadi. Stendimiz juda keng yo‘nalishni qamrab olgan. Men o‘zim yengil sanoat va ipakchilik yo‘nalishida mutaxassis bo‘lganim sababli ushbu sohalarda qiziquvchilarga batafsil ma’lumotlar berayapman. Quvonarlisi, ko‘rgamaning birinchi kunidayoq dastlabki kelishuvlarga erishdik.
Bizni paxtani qayta ishlash, ipakchilik sohasida hamkorlar topish niyatidamiz. Shu maqsadda to‘qimachilik sohasida Namangan tajribasini o‘rganganmiz. Masalan, milliy matolarimiz, atlasimiz bor. Biz ko‘proq bu matolarning eski an’analarini saqlashga harakat qilinadi. Lekin ayollarimiz o‘zbek atlas va adraslaridan liboslar kiyishga qiziqadi. Ularning har birida ushbu matolardan tikilgan liboslari bor, desam adashmagan bo‘laman. Yurtingiz soha mutaxassislari atlas, adras, baxmal matolarini ishlab chiqarishda ham zamonaviy dizayn, yangi bezaklardan foydalanmoqda. Albatta, bu o‘ziga xosdir.
O‘ylanmanki, "INNOPROM. Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi barcha ishtirokchilar qatorida tojikistonlik ishbilarmonlarga ham foydali natijalar olib keladi.
Shohrux Sherov, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi To‘qimachilik mahsulotlari reklamasi va marketing agentligi:
– “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi "INNOPROM. Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat ko‘rgazmasida mahalliy korxonalarning 20 xildan ortiq mahsulotlarini namoyish etmoqda. Ko‘rgazma boshlanishidanoq, stendimiz bilan tanishgan Rossiya, Belarus, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan vakillar o‘z qiziqishini bildirdi. Masalan, rossiyaliklar O‘zbekistonda yangi korxona ochish fikrini bildirgan bo‘lsa, Belarus, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan ishtirokchilar mahsulotlarimizni o‘z davlatlariga import qilish bo‘yicha taklif bilan chiqdi. Biz ular bilan muloqotda bo‘lib, ko‘rgazma yakunida kelishuvlarga erishish niyatidamiz.
Stendimizda ip kalavadan tortib, tayyor kiyimlargacha bo‘lgan mahsulotlar o‘rin olgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, uyushma tomonidan yangi bozorlarga chiqish rejasi ham ishlab chiqilgan. Mazkur reja asosida joriy yilning yanvar-mart oylarida 7 ta xalqaro ko‘rgazmada uyushma boshchiligida 75 dan ziyod korxona ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. Yil yakuniga qadar uyushma tomonidan 23 ta xalqaro ko‘rgazmada ishtiroki etilishi va to‘qimachilik forumlari tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.