Ishbilarmon ayol ko‘rik-tanlovining final bosqichida 57 tadbirkor ayol qatnashdi
"Ishbilarmon ayol" ko‘rik-tanlovi yurtimiz taraqqiyotiga, xalq farovonligiga faol hissa qo‘shayotgan, izlanuvchan, serg‘ayrat tadbirkor va fermer ayollarni rag‘batlantirish, ularning faoliyatini, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik Sharbon Xudoyberganova mevasi g‘arq pishgan bog‘lar, ajoyib tokzorlar yaratib, har qarich yer qadrini zardek biladi. Qashqadaryolik Nargiza Salomova o‘zi tashkil etgan o‘quv markazida to‘rt mingdan ortiq qizni kasb-hunarga o‘rgatib, ular tomonidan tadbirkorlik ishini boshlashga ko‘maklashdi. Buxorolik Nilufar Safarova tikkan zardo‘zi do‘ppilardagi nafis bezaklardan ko‘z uzish qiyin.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida o‘tkazilgan "Ishbilarmon ayol" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi ana shunday tashabbuskor, fidoyi, mehnatsevar ayollar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yoqubov, Respublika Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari B.Asadov va boshqalar yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu sa’y-harakatlarda xotin-qizlarning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini hayotga kengroq joriy etishga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
"Ishbilarmon ayol" ko‘rik-tanlovi yurtimiz taraqqiyotiga, xalq farovonligiga faol hissa qo‘shayotgan, izlanuvchan, serg‘ayrat tadbirkor va fermer ayollarni rag‘batlantirish, ularning faoliyatini, ilg‘or ish tajribasini ommalashtirish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda. Bu yilgi tanlovning dastlabki bosqichlarida 10 mingdan ortiq opa-singillarimiz qatnashdi. Final bosqichida 57 tadbirkor ayol ishlari hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etildi.
– Tadbirkorlikka qo‘l urganimda o‘g‘lim Shuhrat hali chaqaloq edi, – deydi Surxondaryoning Uzun tumanidagi "Shuhrat-1" ko‘p tarmoqli xususiy ishlab chiqarish, savdo-tijorat firmasi rahbari Risolat Pardayeva. – Endi u yonimda dastyor. Yurtimizdagi imkoniyatlar natijasida firmamiz samarali ishlamoqda. Bugun zamonaviy sex, savdo shoxobchalarimiz bor. Maxsus ishchi kiyimlar, milliy liboslar, bog‘cha va shifoxonalar uchun choyshablar tayyorlaymiz. Kelgusida meva-cheva danagidan yog‘ olishga ixtisoslashgan sex ochishni rejalashtirganmiz.
"Ishbilarmon ayol" ko‘rik-tanlovi ishtirokchilari ishini baholashda xotin-qizlar uchun yaratilgan ish joylari, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, o‘z faoliyatiga innovatsion g‘oyalarni tatbiq etish kabi jihatlarga asosiy e’tibor qaratildi.
Sirdaryo viloyatidagi "Sanjar Alimardon Umid" ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Asalxon Davronova hamda Navoiy viloyatidagi "Karmana DASD" xususiy korxonasi va "Oltin tola" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilorom Astonova birinchi o‘ringa munosib topildi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.