Ish soati o‘zgarsa, salomatlik ham o‘zgaradimi?
Yangi tadqiqotga ko‘ra, ish soati oyma-oy keskin o‘zgarishi xodimlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin ekan. 61 000 dan ziyod amerikalik ishchi ma’lumoti tahlil qilinganda natija erkak va ayollarda ayni holat turlicha namoyon bo‘lishini ko‘rsatgan.
Erkaklarda ish vaqti beqarorlashgan sari salomatlik yomonlashishi ehtimoli oshgan. Masalan, bir oy 20 soat, keyingi oy 60 soat ishlangandagi keskin o‘zgarish salomatlikka ko‘proq bosim bergan. Ish soati barqaror kishilarda sog‘lik yomonlashishi ehtimoli 28 foiz, eng yuqori o‘zgaruvchanlikda esa 38 foizga yetgan.
Ayollarda boshqa manzara kuzatilgan. Ishda qolganlar orasida beqaror jadval va salomatlik yomonlashishi o‘rtasida aniq bog‘liqlik topilmagan. Sog‘lig‘i tufayli ish vaqtini qisqartirgan, vaqtincha to‘xtatgan yoki ishdan ketganlar ham hisobga olinganda, muammo yaqqol ko‘ringan. Bunday cheklovga duch kelish ehtimoli ish vaqti eng barqaror holatdagi 2,5 foizdan eng beqaror darajada qariyb 8 foizgacha oshgan.
Olimlar ish sharoitini baholashda faqat maosh yoki umumiy ish soatiga qarash yetarli emasligini ta’kidlamoqda. Keskin o‘zgarib turadigan ish jadvali ham salomatlik uchun xavf omili bo‘lishi mumkin. Tadqiqot mualliflari bunday beqarorlikning erkaklar va ayollarga ta’sirini alohida o‘rganish zarurligini qayd etgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA