Ish o‘rinlari va eksport ko‘lami kengaymoqda
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yengil sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududda tadbirkorlik uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar natijasida yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, mahalliy mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlardagi ulushi ortib bormoqda.
Tumanda faoliyat yuritayotgan «Universal Plyus Tikuv» mas’uliyati cheklangan jamiyati bu boradagi ishlarga munosib hissa qo‘shayotgan korxonalardan biri. Ayni paytda korxonada 40 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
[gallery-31294]
Korxonada asosan kostyum-shim ishlab chiqariladi. Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Tojikiston va Turkmanistonga 175 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi.
Korxonaning eksport salohiyatini yanada oshirish uchun imkoniyatlar mavjud. Yil yakuniga qadar 100 ming AQSH dollarlik yangi eksport shartnomasini bajarish rejalashtirilgan.
Tumanning Abu Rayhon Beruniy mahallasida faoliyat yuritayotgan «Dovudxon tekstil» korxonasida 40 nafar aholi mehnat qilmoqda. Ularning 25 nafari xotin-qizlardir.
Korxonada yiliga 30 ming donagacha bolalar uchun mavsumiy kiyim-kechaklar ishlab chiqarilib, ichki bozorga yetkazib berilmoqda.
Tadbirkor kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishni rejalashtirgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA