Ish izlaganga imkoniyat, tadbirkorga esa ko‘mak berildi
Inson uchun o‘z mehnati bilan daromad topish, oilasi farovonligini ta’minlash va kelajak rejalarini mustaqil amalga oshirishdan ulug‘roq imkoniyat bormi? Albatta, yo‘q. Shu bois bugun aholini ish bilan ta’minlash, o‘zini o‘zi band qilish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega vazifaga aylanmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, xonadonlarda daromad manbalarini ko‘paytirish va tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda fuqaroga tayyor yordam berish bilan birga, uning o‘z mehnati orqali barqaror daromad topishi uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buxoro viloyatining Vobkent tumanida tashkil etilgan navbatdagi ko‘rgazma ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Vobkent tuman hokimligi hamda Xalq banki hamkorligida Markaziy dehqon bozori avtoturargoh maydonida ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlash, shuningdek, o‘z tadbirkorligini boshlash yoki mavjud faoliyatini kengaytirish istagidagi aholi uchun imtiyozli kredit va ssudalar asosida xarid qilish mumkin bo‘lgan mini-texnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma oddiy namoyish emas, balki aholi uchun “imkoniyatlar maydoni”ga aylandi.
Bu yerda ish qidirayotgan fuqaro bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi, tadbirkorlik qilish niyatidagi inson esa o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarni ko‘zdan kechirdi. Eng muhimi, odamlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mutasaddilardan bevosita joyida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tadbirda tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi. Ish izlayotgan fuqarolarga turli yo‘nalishlarda mehnat qilish imkoniyatlari taklif qilindi. Bu esa ishsizlik masalasini faqat statistik ko‘rsatkich sifatida emas, balki har bir insonning taqdiri, oilasi va kelajagi bilan bog‘liq muhim masala sifatida hal etishga qaratilgan yondashuvdir. Zero, bir kishining ishli bo‘lishi — bir oilaning daromadi oshishi, farzandlar ta’limi va ehtiyojlari uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘lishi, mahallada ijtimoiy barqarorlik mustahkamlanishi demakdir.
Ko‘rgazmaning yana bir muhim jihati — qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida keng qo‘llaniladigan zamonaviy mini-texnologiyalarning namoyish etilganidir. Bugun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim omilga aylanmoqda. Ilgari katta mablag‘ va murakkab infratuzilmani talab qilgan ayrim ish turlarini endi nisbatan ixcham va samarali uskunalar yordamida tashkil etish mumkin. Shu jihatdan ko‘rgazmada namoyish etilgan mini-texnologiyalar o‘z biznesini boshlashni istagan fuqarolar uchun ayni muddao bo‘ldi. E’tiborlisi, ushbu texnologiyalarni uzoq muddatli va arzonlashtirilgan imtiyozlar asosida xarid qilish imkoniyatlari ham tushuntirildi. Bu — “menda mablag‘ yo‘q, shuning uchun biznes boshlay olmayman” degan qarash o‘rniga, “imkoniyat bor ekan, harakat qilaman”, degan ishonchni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida ish o‘rinlariga qiziqish bildirgan, mini-texnologiyalar xaridi orqali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki mavjud tadbirkorligini kengaytirish istagida bo‘lgan yuzdan ortiq fuqaroning murojaatlari joyida ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat ortida esa alohida taqdir, reja va niyat bor. Kimdir ish qidirayotgan bo‘lsa, yana kimdir o‘zining kichik ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishni, boshqasi esa mavjud faoliyatini kengaytirishni istaydi. Shu bois murojaatlarning joyida o‘rganilishi va har bir fuqaroga amaliy yechim taklif etilishi tadbirning eng muhim jihatlaridan biri bo‘ldi.

Xalq banki agentlari tomonidan fuqarolarga imtiyozli kredit va ssudalar olish shartlari, ulardan foydalanish tartibi, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirishda bank bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Bu kabi uchrashuvlarning ahamiyati shundaki, fuqaro kredit olishning o‘zi emas, balki mablag‘ni qanday maqsadga yo‘naltirish, qanday texnologiya xarid qilish, qanday faoliyat orqali daromad olish mumkinligi haqida ham ma’lumotga ega bo‘ladi. Ya’ni moliyaviy ko‘mak tadbirkorlik tashabbusi bilan uyg‘unlashganda, kredit oddiy mablag‘ emas, yangi ish o‘rni, yangi daromad va yangi imkoniyat manbaiga aylanadi. Bugungi islohotlarning mazmun-mohiyati ham shunda: insonni doimiy ravishda yordam kutib yashaydigan emas, balki o‘z mehnati, bilimi va tadbirkorlik tashabbusi orqali daromad topa oladigan faol sub’ektga aylantirish. Vobkentdagi ushbu tadbir ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Bir maydonda ish beruvchi va ish izlovchi uchrashdi. Tadbirkor va bank vakili muloqot qildi. Zamonaviy texnologiya bilan qiziqqan fuqaro uni qanday shartlarda xarid qilish mumkinligini bildi. Eng muhimi, odamlar o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun qayerga va kimga murojaat qilish kerakligini angladi. Bu esa katta natijaning boshlanishidir.
Aslida, har qanday katta tadbirkorlik ham bir vaqtlar kichik g‘oyadan boshlangan. Bir uskuna, bir ish joyi, bir buyurtma, bir tashabbus — vaqt o‘tishi bilan o‘nlab, hatto yuzlab insonlar uchun daromad manbaiga aylanishi mumkin.

Shu ma’noda Vobkentdagi mazkur ko‘rgazmada namoyish etilgan har bir mini-texnologiya ortida faqat texnika emas, balki yangi kasb, yangi ish o‘rni, yangi oilaviy daromad va yangi tadbirkorlik imkoniyati mujassam.
Davlat rahbari tashabbusi bilan aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar joylarda ana shunday amaliy natijalar bilan boyib borayotgani muhim. Zero, ish bilan ta’minlangan inson — o‘z kelajagiga ishonch bilan qaraydi. Tadbirkorlik boshlagan inson — nafaqat o‘zini, balki boshqalarni ham ish bilan ta’minlaydi. Qo‘llab-quvvatlangan g‘oya esa ertaga mahallaning, tumanning va butun hududning iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilishi mumkin. Bugun Vobkentda tashkil etilgan ko‘rgazmaning eng katta ahamiyati ham shunda — u tufayli odamlar imkoniyatlarga ega bo‘lishdi va bu imkoniyatlar esa odamlarning tashvishlarini aritishga xizmat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri