Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish masalalari ekspertlar, tegishli vazirliklar, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti mas’ullari ishtirokida muhokama qilindi.
– Mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi daromadlarini va turmush darajasini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi qo‘mita raisi Mavluda Xo‘jayeva. – Aholi daromadlarining asosini ish haqi tashkil etadi. Fuqarolar o‘z mehnatiga yarasha haq olishlari uchun barcha islohotlar jarayonida ularning huquqlari birdek himoyalanib kelinmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasi 1949 yil 1 iyulda tashkilotning 32 sessiyasida qabul qilingan bo‘lib, hozirda ushbu konvensiya 99 ta a’zo davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Ushbu Konvensiyaning maqsadlari ish haqi ish beruvchi tomonidan xodimga bajarilgan yoki bajarilishi kerak bo‘lgan ish yoki xizmatlar uchun to‘lanadigan, pul shaklidagi har qanday mukofot yoki daromadni anglatadi. Konvensiyada ish haqini natura shaklida to‘lashga ham qisman ruxsat berilgan bo‘lib, natura shaklidagi to‘lov xodim va uning oilasi shaxsan foydalanishi uchun va ularning manfaatlari uchun mos bo‘lishi, adolatli va maqbul narxga ega bo‘lishi lozim. Milliy qonunchiligimizda ish haqi to‘lovlari jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi. Jamoa shartnomasi ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida mehnatga oid barcha munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjat sifatida yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ish haqiga oid normalar Konvensiya normalariga mos kelishi, Konvensiya bilan belgilangan tartib-tamoyillar O‘zbekiston mehnat qonunchiligida o‘z aksini topganligi ko‘rilgan. Xususan, yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksiga bir qator yangi normalar kiritilishi bilan Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasiga uyg‘unligi ta’minlangan.
Konvensiyada vakolatli hokimiyat organi va ish beruvchi bilan bir qatorda mehnatkashlar tashkilotlari (kasaba uyushmasi tashkiloti)ning qaror qabul qilishda o‘zaro maslahatlashuvi hamda vakolat va majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ish haqidan chegirib qolishlar, ish haqining har qanday xatlanishi milliy qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va chegarada amalga oshirilishi mumkinligi ham milliy qonunchiligimizda aksini topgan.
Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakillari tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish masalalari yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarning natijalari muhokama qilindi. Konvensiya normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarida o‘z aksini topganligi ekspertlar tomonidan e’tirof etildi.
Mamlakatimizda ish haqini himoya qilish masalalari qonunchiligimizda mustahkamlanganligi, Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Konvensiyani ratifikatsiya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash hamda ijrosi ta’minlanishi yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
M.Komilova, O‘zA