Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti Gulhayo Isaboyeva O‘zAga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton bilan bo‘lgan suhbatni taqdim etdi.
Suhbatda bir qator mavzular, xususan, Isajon Sultonning asarlarida ona obrazi, "Onaizorim" asarini yozishga ilhomlantirgan omillar, yozuvchining ijodiy rejalari xususida so‘z boradi.
Gulhayo Isaboyeva: Assalomu alaykum. Isajon aka, turli janrdagi nasriy asarlaringizda jadidchilik, sobiq sho‘rolar, istiqlol yillari voqeligini qalamga olish bilan bir qatorda, Ikkinchi Turk xoqonligidan tortib, Abu Rayhon Beruniy va Alisher Navoiy davrigacha bo‘lgan olis tariximizni ham keng ko‘lamda tasvirlab kelasiz. Jarayon davomida onalar bilan bilan bog‘liq qarashlar sizda qanday hayrat hislarini tug‘dirdi?
Isajon Sulton: Turkiy xalqlarning onaga bo‘lgan munosabati asrlar bo‘yi o‘zgarmasdan kelmoqda. Gohida bu mavzuni shartli tarzda islomgacha va islomdan keyingi davrlarga bo‘lishadi. Shunday bo‘lsa-da, tarixning bu ikki ulkan davrida ayol zotini ulug‘lashning mushtarak jihatlari anchagina. Folklordagi Umay ona obrazini esga oling. Turkiy xalqlar qonuni hisoblangan Yasa qonunida ham onani ardoqlashga doir ancha ibratli gaplar bor.
Islomdan keyingi davrga kelsak, “Jannat onalar oyog‘i ostidadir” degan mashhur hadisni eslash kifoya. Qisqasi, umummilliy an’analar, e’tiqodimiz, ma’naviy bisotimizda ham ona sharafini yuksak tutgan hikmatlar ko‘plab topiladi.
O‘zimizcha mulohaza yuritib ko‘rsak, insoniyat boshidan kechirgan turli davrlarda bu mushfiq zot ne-ne mushkulotlarni boshidan o‘tkazmadi, qanchadan-qancha mashaqqatlarni sabr-bardosh va matonat bilan yengib o‘tmadi, deysiz. Haqiqat muqoyasalarda yorqin namoyon bo‘ladi. Shu sababli, inonchimiz va qadriyatlarimiz bu borada eng to‘g‘ri o‘gitlarni beradi, deb bilamiz.
Gulhayo Isaboyeva: Ustoz, hikoyalaringizda tasvirlangan ona obrazini kamsuqum, xokisor, bir umr og‘ir mehnat zalvari ostida yashagan va olamda kechayotgan jarayonlardan bexabar ayol sifatida qalamga olasiz. Ayting-chi, bunday hollarda sizning ushbu qahramoningizni yaqin o‘tmishdagi o‘zbek ayollarining umumlashma tipi sifatida tushunmoq kerakmi? Yoki aniq prototipi bormi?
Isajon Sulton: Tarix sahnasida shunday davrlar bo‘ldiki ayollarga nisbatan pastroq nazar bilan qaraldi, ular turli-tuman qora, og‘ir, jismoniy ishlarga jalb etildi. Ona bunday ijtimoiy va ma’naviy zulmlar jabrini ota bilan teppa-teng, gohida ortiqroq ham tortdi. Yaqin o‘tmishdagi mustamlaka davri avvalgi xatoliklar va zulmni takrorladi. Bizdan oldingi va bizlar tengi avlodlar bu zulmni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib ulg‘aydik.
Vaholanki, onaning eng muqaddas vazifasi – avlodlarni dunyoga keltirish va munosib vorislarni tarbiyalash edi. Tarixchi Izzuddin ibn Asir avval yashab o‘tgan qavmlardan birining boshiga kelgan musibatlar qatorida ayollar bola tug‘may qo‘yganini tilga oladi. Qudratli qavm bu ofatdan qutulish uchun o‘zini har yoqqa ursa-da, bir chora topa olmaydi, izsiz yo‘q bo‘lib ketish vahmi ularni dahshat ichra har yonga bosh urishga undaydi...
Qaniydi, biz bilgan, his etgan barcha haqiqatlarni ham badiiy asarga kiritishning iloji bo‘lsa! Siz aytgan obrazlarni bolaligimda ko‘rgan ayollarning badiiy timsollari desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Qissadan murod – o‘sha, o‘zim bilgan onalar hayotini badiiy asarda akslantirish edi. Bizlar esimizni tanib, suyagimiz qotganidagi ona obrazini bilamiz – u o‘nlab farzandlarni oq yuvib, oq taragan, qo‘llari jismoniy mehnatda qabargan, butun umrini oilasi va farzandlariga fido qilib yuborgan, bir qo‘lida belanchagi, boshqa qo‘lida go‘dagi bilan dalaga chiqqan va shom mahali sigiriga atab yiqqan o‘t-o‘lanini boshida ko‘tarib, bukchayib uyiga qaytgan muqaddas ayol qiyofasidir.
Ming shukr, endi jamiyatimizda onalar iste’dodini to‘la ro‘yobga chiqarish, ularni e’zozlash tamoyillari qaror topdi. Istiqlol yillarida ayol haq-huquqi himoyalanib, unga bo‘lgan yuksak izzat-ehtirom targ‘ib qilinmoqda. Olima, murabbiy, kashfiyotchi ayollarimiz ko‘paymoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadi: auditoriyalarda o‘tirgan qizlarimizga tajribali ayollarning saboq berishi natijadorroq bo‘lar ekan. Buning sababi o‘quvchi yoki talaba o‘sha muallima timsolida o‘z onasining mehrini his qilishida bo‘lsa ajab emas. Zotan, bugungi jamalaksoch qizaloqlarimiz – kelgusi nasllarning onasidir, buni ham yodda tutish va qadrini teran bilish zarur.
Gulhayo Isaboyeva: Agar mumkin bo‘lsa, “Onaizorim” qissangizni yozishingizga turtki bo‘lgan omillar va bu asarning yozilish jarayoni haqida ham so‘zlab bersangiz. Chunki aynan shu qissani o‘rganayotganim uchun, ijod laboratoriyangizning sirlarini bilishga bo‘lgan qiziqishim ortib bormoqda.
Isajon Sulton: Minglab shaharu qishloqlarimizda, bahor ilikuzdilari, yoz jaziramalari, kuz izg‘irinlari-yu qish qahratonlarida “bolam-chaqam” deb yashayotgan son-sanoqsiz onalar bor. U muhtaram kishilar haqida bir asar yozsam-u, shu elning bir farzandi o‘laroq, ko‘nglimdagi ehtiromimni ifodalasam deganday ezgu o‘ylar, ijodiy niyatlar bor edi.
Bu haqda oldin ham aytganman. U davrlarda qiz bola to voyaga yetib, turmush qurgungacha o‘z hayotini yashardi, xolos. Keyin esa, umr bo‘yi yaqinlarining, oldingi va yangi oilasining, bolalarining xizmatini qilib umr kechirardi.
Bir voqeani aytib beray: talabalik chog‘imda onam bilan bir qancha qo‘shni ayollarimiz Toshkentga, meni ko‘rgani kelishgan edi. “Talaba zoti kamxarj bo‘ladi, bizning borishimiz tashvish uyg‘otmasin” deb, o‘zlari bilan tandirda yopilgan non, guruch-u sabzi-piyozgacha olib kelishgan. Bu mushfiq zotlar talabalar yotoqxonasiga kelib ham tinch o‘tirishmagan: biri supur-sidirga, biri kir-chirga, yana biri pishir-kuydirga urinib, hamma yoqni chinniday qilib, bizning oldimizga o‘zlari pishirgan taomlarni qo‘yib, qanday ishtaha bila yeyishimizga juda katta bir mehr bilan qarab o‘tirishgani haliyam ko‘z oldimdan ketmaydi. Ularning har biri haqida bir asar yozsa arziydi.
Gulhayo Isaboyeva: “Onaizorim” qissasida uch avlod taqdirini tasvirlagansiz. Siz ijodiy niyatda nimalarni ko‘zda tutgansiz va qissadan ko‘nglingiz to‘lmagan jihatlar, badiiy niyatingizni ro‘yobga chiqara olmagan joylar ham bor, deb o‘ylaysizmi?
Isajon Sulton: E’lon qilingan asarga keyinroq razm solsangiz, yana bir nimalar qo‘shilganida yaxshi bo‘larmidi, deganday xayollarga borasiz. Endi, bu – bilim, yosh va tajribaga bog‘liq holat-da. Siz aytgan qissa yozilganiga o‘n yildan oshdi, uni o‘sha davr manzaralari desak, aslida, ijodkorning asari ham ma’lum bir ijodiy davrining hosilasi o‘laroq qolavergani ma’qul. Yosh, bilim va tajriba borasidagi kamchilik-qusurlari bilan ham o‘ziga xos bo‘lib turaversa tuzuk, degan fikrim bor.
Ya’ni, bugunning ko‘zi bilan qarasam, u asardan o‘rin olishga arziydigan siymolar yaqinlarim orasida ham, o‘zim tanigan-bilgan ayollar orasida ham anchagina.
“Onaizorim”dagi obrazlar – o‘zim ko‘rgan-bilgan shaxsiyatlarning umumlashma qiyofalari. O‘sha davrdagi har bir qizaloqning taxminiy hayot yo‘li desayam bo‘ladi.
Gulhayo Isabayeva: Qissadagi “Chimchilovchi g‘alati maxluq”, “Ayyor malla tulki” kabi Ra’noning tasavvuridagi, uni qo‘rqituvchi obrazlar qanday maqsadni ko‘zlab kiritilgan va qanday badiiy-estetik vazifani bajaradi? Bu sizning Qur’oniy mavzular, obrazlar, afsona va rivoyatlar orqali qahramon tiynatini ochish uslubingiz, epik bayonda ramz va majozlar tilida so‘zlashga bo‘lgan maylingiz natijasi emasmikin?
Isajon Sulton: Bu savolingizga javob berish uchun bugunning o‘zbek farzandi shaxsiyatiga baholi qudrat nazar solishga to‘g‘ri keladi, chamamda.
Bugunning shaxsiyati – o‘tmish va zamonaning turli-tuman qarashlari, taassurotlari, haq va nohaq, to‘g‘rilik va egrilik, vafo va sadoqat, umr mazmuni haqidagi bilimlarni o‘zida jamlagan shaxsiyatdir. U bilimlarning ayrimlari hayot davomida qozonilgan tajribalar mahsuli, ayrimlari bolalik onlarining hosilasi. Ayni shu hosilalar xalq fe’l-atvorini ifodalashi bilan muhim ahamiyatga ega. Xalqning tabiatini esa, juda noyob xazina bo‘lmish ertak va dostonlardan, maqol va matallardan, shuningdek, adiblarning asarlaridan bilib olsa bo‘ladi.
Bola tasavvuri manaman degan adib xayolotidan chandon kuchli ekani ko‘p ta’kidlanadi. Yosh bolalar ko‘rgan-eshitganlari ta’sirida o‘zlaricha xayoliy bir nimalar yaratib olishlari bor gap. Kim bilsin, balki kimdir shu mavzuda alohida bir tadqiqot qilar? Bu ishni adabiyotshunoslik o‘z zimmasiga olsa, a’lo ish bo‘lardi.
Afsona va rivoyatlarimizdagi bir jihatga e’tibor qaratsak: Yevropa miflaridagi xayoliy mavjudotlarning aksariyati fiziologik qo‘rquv, ya’ni o‘lim vahimasi uyg‘otishi bilan ajralib turadi. Bizning xalqimizga xos bo‘lgan xayoliy mavjudotlarning vazifasi esa anchayin boshqacha. Aytaylik, ajina yoki oziqchi yo‘ldan adashtiradi, es-hushni o‘g‘irlab, aqldan ozdiradi. Lekin, bunday falokat ro‘y berishining shartlari bor: ular o‘z to‘pidan ayrilgan, yolg‘iz qolgan kishiga uchraydi. Ya’ni, rivoyatlar “Eldan, to‘pdan ayrilma” deb uqtiradi. “Ayrilsang, yo‘ldan ozasan!” Yana bir yaratiq – juda qadimdan buyon kelayotgan Alvasti degani xotinlarni tug‘mas qilib qo‘yadi. Ko‘rib turganingizdek, bizning xalqimiz uchun o‘limdan ham ko‘ra, to‘pdan ayrilib yolg‘izlanish, naslning davom etmasligi qo‘rqinchliroq ekani ayon bo‘ladi.
Ya’ni, folklorimizda yashab kelayotgan mavjudotlar ham qo‘rquv hosil qiladi, lekin u qo‘rquv yo‘q qiluvchi emas, yaratuvchi, tarbiyalovchi qo‘rquvdir. Bu ham xalqning fe’l-atvorini ifodalaydi.
Shu nuqtai nazardan qarasak, bolakay “ijodi” uning ruhiy dunyosidan xabar beradi. Siz tilga olgan qissa qahramoni “yaratgan” qiyofalar ham shunday: orzulari kabi yorqin, beozor. Ularning evolyutsiyasi yanayam qiziqarli: umr bo‘yi hamrohlik qilgan u yaratiqlar umr yo‘li so‘ngida o‘z “yaratuvchisi” bilan vidolashishida nedir bir ibrat borday tuyuladi.
Gulhayo Isaboyeva: Shu o‘rinda “To‘linoy xayollari” deb nomlangan essengiz yodga keldi.
Isajon Sulton: Ha, men bu essega adabiyotshunoslar, ayniqsa, folklorshunoslar e’tibor qaratadi, deb o‘ylagan edim, biroq, unday bo‘lib chiqmadi. Tadqiqot uchun judayam qiziq mavzu bu. Uzoq yillardan buyon “yashab kelayotgan” xayoliy mavjudotlar bilan bolalarimiz bugun o‘zlari o‘ylab topib olayotgan shunday yaratiqlar muqoyasa va tahlil qilinsa, ajoyib asarlar va tadqiqotlar o‘rtaga chiqadi.
O‘tgan asrda Argentina yozuvchisi Borxes “Xayoliy mavjudotlar qomusi”ni yaratgani, u qomus bugungacha o‘nlab Ovrupa adiblarning asarlari uchun manba vazifasini o‘tab kelayotgani ma’lum. Xalqimiz folklori esa, undan chandon boy va rang-barang.
Gulhayo Isaboyeva: An’anaviy savol bermoqchiman. Agar sir bo‘lmasa, shu kunlarda qanday ijodiy rejalar va ularning ijrosi bilan bandsiz? Yaqin kunlarda kitobxonlaringizni qanday asar bilan mamnun qilmoqchisiz?
Isajon Sulton: Endi, “topgan gul, topmagan bir bog‘ piyoz” deganlaridek, modomiki fursat nasib bo‘lgan ekan, albatta ijodiy rejalar bor. Misol uchun, “Alisher Navoiy” romanidan o‘rin olishga munosib, lekin hajm kattalashib ketadi, degan o‘y bilan asarga kirmay qolgan o‘nlab voqealarni kichik hikoyatlar tarzida bayon qilish niyatidaman. Olimlarimiz ulardan xabardor, ammo ulg‘ayib kelayotgan avlodga oddiy, sodda usulda bayon qilingan badiiy asarlar kerak, deb o‘ylayman.
Xalqimiz yaratgan ma’naviy xazinalar, iboralar, jonajon ona tilimizdagi so‘zlar ham yaratilajak badiiy asarlar uchun manba bo‘la oladi. Misol uchun, tilimizda “ayamajuz” degan so‘z bor. Ruhiyati ham, tuzilishi ham o‘zgacha. Uni bundan salkam olti yuz yil avval bitilgan, hazrat Navoiy asarlarida uchratamiz, bobomiz uni “bardul-ajuz” shaklida qo‘llaydi. Yanayam olisga ko‘z tiksak, Beruniy bobomizda duch kelamiz. Bu so‘z bizni bizni Nuh alayhissalomning avlodi bo‘lmish Od qabilasi sari yetaklab boradi. “Ayamajuz” – aslida “ayyomul-ajuz” bo‘lib, “kampir kunlari” degan mazmunni ifodalar ekan. Yetti kecha, sakkiz kunduz esgan o‘ta sovuq shamol Od qavmini yoppasiga halok qiladi, u ofatdan bir kampir qutulib qolib, bo‘lib o‘tgan ishlarni odamlarga marsiya qilib aytib beradi. Qarang, birgina so‘z qayerlarga boshlab boradi-yu, nimalardan xabar beradi!
Daraxt ekkan kishining “mevasidan insonlar bahramand bo‘lsin, duo qilsin”, degan ilinji bo‘ladi. Ijodkorlikni ham shunga o‘xshatish mumkin. Alisher Navoiy bobomizning “Lison ut-tayr” dostoni xotimasidagi ushbu duoga e’tibor qarataylik: “Agar undan hosil o‘lsa muddao, Lutf etib Foniyni ham qilsa duo...” Bobomiz bu misralar davomida duo qilguvchilarni ham duo qiladi: “Lutf ila, yo Rabki, borin avf qil, Nomai a’molidin ham mahv qil...”
Ko‘rib turganingizdek, hazrat bobo o‘z avlodlarini duo qilyaptilar. Bundan orttirib bir so‘z aytish qiyin.
Gulhayo Isaboyeva: Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
O‘zA