Iroda va matonat timsollari yangi g‘alabalar sari odimlamoqda
Yurtimizning matonatli para sportchilari deyarli har hafta qaysidir sport turi bo‘yicha chempionat yoki xalqaro turnirlarda qatnashmoqda. E’tiborlisi, deyarli hech bir musobaqadan ular sovrinsiz qaytishmayapti.
Fransiyada yakunlangan para o‘q otish bo‘yicha Jahon kubogi, shu kunlarda Portugaliyaning Madeyra shahrida davom etayotgan para suzish bo‘yicha Jahon chempionati, Janubiy Koreyada pauerlifting bo‘yicha o‘tayotgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston para sportchilarining o‘z o‘rni borligini namoyish etmoqda.

“Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan para suzish musobaqasida hozircha hamyurtlarimizdan Muzaffar Tursunxo‘jayev kumush, Islom Aslanov bronza medallariga ega bo‘lib turishibdi. Chempionat 20 iyungacha davom etadi.
Mamlakatimizning 13 nafar para pauerliftingchilari esa Janubiy Koreyaning Pxyontxek shahrida yozgi Paralimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan turnirda medallar uchun kurashmoqda. Ushbu musobaqa bahslari 20 iyun kuni poyoniga yetadi.

Para suzuvchilarimiz va pauerliftingchilarning matonatiga hamohang tarzda para stol tennischilarimiz 23-25 iyun kunlari Chexiyada bo‘ladigan Yevropa ochiq chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda. Musobaqada qatnashishi rejalashtirilayotgan 6 nafar kichik raketka ustalari poytaxtimizda tashkil etilayotgan mashg‘ulotlarda mahoratini oshirmoqda.
Yozgi musobaqalarda qatnashish, tayyorgarlik ko‘rish asnosida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi qishki Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.

Qishki Paralimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sledj-xokkeyni jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, iqtidorlilarni saralash hamda ushbu sport turi bo‘yicha xalqaro musobaqalarda qatnashadigan jamoani shakllantirishga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Milliy paralimpiya qo‘mitasi qishki sport turlari klubi direktori Komil Xolmatov mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Qishki sport turlari nazariyasi va uslubiyati kafedrasi mudiri A.Karimov, Qishki va murakkab texnik turlar bo‘yicha oliy sport mahorat maktabi xodimi A.Agzamov, xokkey sport turi bo‘yicha trener R.Karimov hamda mutaxassislar bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xalqaro musobaqalarda munosib qatnashish, yangi para sport yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratish bilan yillik kalendar rejadagi ichki chempionatlarni, o‘quv-mashg‘ulotlarni belgilangan tartibda o‘tkazish ishlari ham jadal olib borilmoqdaki, bu, O‘zbekiston para sportining matonat maktabida iroda, jasorat timsollari yangi-yangi marralar sari dadil odimlayotganligidan dalolat.

Yana bir gap. O‘tkazilayotgan para sport mashg‘ulotlari, saralash tadbirlari, seminarlar, «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi musobaqalar natijasida mamlakatimizda imkoniyati cheklangan yuzlab insonlar faol turmush tarziga jalb etilmoqda. Ularning qalbida ulug‘ maqsadlar, yuksak orzular uyg‘onishiga zamin yaratilmoqda. Muhimi ham shu.
T.Ro‘ziyev, O‘zA