Iqtisodiy taraqqiyot garovi
Zarafshon shahrida Navoiy kon-metallurgiya kombinati va iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i hamda energetika resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligiga bag‘ishlangan respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Zarafshon shahrida Navoiy kon-metallurgiya kombinati va iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i hamda energetika resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligiga bag‘ishlangan respublika seminari bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyot tarmoqlarida muqobil energiya manbalaridan oqilona foydalanish, atrof-muhit musaffoligini asrash, yoqilg‘i-energetika resurslari tejamkorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1 ming 149 quyoshli geliokollektordan samarali foydalanilmoqda. 2014-yilda kombinatga qarashli “Do‘stlik” agrofirmasida chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish maqsadida kuniga 400 kub metr gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega biogaz uskunasi ishga tushirildi. Kombinat tizimida 2015-2019-yillarda umumiy quvvati 3 mVt dan ortiq fotoelektr stansiyalari barpo etish rejalashtirilgan.
Kombinatda yoqilg‘i-energetika resurslarini iqtisod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili elektroenergiya va yonilg‘i sarfini kamaytirish hamda tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish samarasida 34,5 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini tushirish bo‘yicha ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlarga muvofiq, joriy yilda yoqilg‘i-energetika resurslari sarfiga ajratiladigan mablag‘ni 57 milliard so‘mga iqtisod qilish belgilangan.
Ishtirokchilar kombinat avtokorxonalarida GPS trekerlari va signal tushirish uskunalari bilan jihozlangan yuk avtomobillari va uskunalarning ishlash jarayoni bilan tanishdi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati markaziy kon boshqarmasi direktori o‘rinbosari Sherali Tursunovning ta’kidlashicha, “Muruntov” konida yuk avtomobillariga o‘rnatilgan GPS navigatorlari texnika harakatini doimiy nazorat qilish, ulardagi yonilg‘i sarfi miqdorini aniqlash, avtomobillarda texnik nosozlik yuzaga kelgan hollarda tezkor xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda. Eng muhimi, mazkur innovatsion tizim yoqilg‘i resurslaridan oqilona foydalanish, ish unumdorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilayotir.