Prezidentimizning 2021 yil 13 avgustdagi "Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda iqtisodiy tadqiqotlar sifati va rolini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi zimmasiga bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, qarorga asosan Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining hududiy filiallari ochiladigan bo‘ldi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining vazifalari kengaydi, amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini shakllantirish va amalga oshirishda, mintaqaviy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda uning o‘rni va mas’uliyati ortdi.
Ta’kidlash joizki, qarorda ko‘zda tutilgan vazifalar mamlakatdagi yetakchi tahlil markazlaridan birining yigirma yillik tarixidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi. Qaror ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan tashabbuslar sifatini, olib borilayotgan islohotlar natijadorligini tubdan oshirish, shuningdek, 2022-2026 yillarda hududlar, tarmoqlar va sohalarni rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni ilmiy asoslangan innovatsion yondashuvlar asosida ishlab chiqishda muhim o‘rin tutadi.
Markaz tadqiqotlari joylarda mavjud resurs bazasini o‘rganish orqali iqtisodiyot tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har chorakda tumanlar bo‘yicha aholi orasida so‘rovlar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, markaz O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga qo‘shilishi jarayonlarining milliy iqtisodiyotga ta’sirini o‘rganib boradi hamda mazkur yo‘nalishlarda ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni vakolatli idoralarga taqdim etadi. Shuningdek, sanoatda klasterlar faoliyatini rivojlantirib borish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani chuqur tahlil qilish orqali ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqib, vakolatli idoralarga taqdim etadi.
Qayd etish joizki, hozirgi kunda markaz faoliyati mamlakatda ham, xorijda ham ijobiy baholanmoqda. 2020 yilda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Markaziy Osiyo va Kavkazdagi 10 ta eng yaxshi tahlil markazlari ro‘yxatiga kirdi va 2016 yildagi ko‘rsatkichlarini uch pog‘onaga yaxshiladi (o‘sha vaqtda markaz 13-o‘rinda edi).
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA