Iqtisodiy manfaatlarimiz himoyasi yo‘lida
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 23-yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 23-yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Z.Do‘sanov va boshqalar mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz milliy manfaatlari va suverenitetini himoya qilish, yurtimiz mudofaa qobiliyatini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Vatanimiz Qurolli Kuchlari o‘tgan tarixan qisqa davrda ixcham, harakatchan, zamonaviy talablarga javob beradigan, jangovar tayyorgarlikka ega armiya sifatida shakllandi.
Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qilish organlari qatorida bojxona xizmati xodimlari davlatimiz xavfsizligini ta’minlash, uning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida samarali faoliyat yuritmoqda. 2014-yilda bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 23 mingdan ortiq qonunbuzarlik holati aniqlanib, qiymati salkam 155 milliard so‘mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar ushlab qolindi.
Bunda sohaning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanayotgani, xizmat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani muhim omil bo‘lmoqda. Sohaning fidoyi xodimlari davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirib borilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 12-yanvardagi farmoniga binoan davlatimizning mudofaa qudratini yanada yuksaltirish, milliy xavfsizlikni va davlat chegaralari daxlsizligini ta’minlash, yoshlarni milliy istiqlol g‘oyasi va ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shayotgan katta hissasi, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni ta’minlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgani uchun mukofotlanganlar orasida bojxona xizmati xodimlari ham bor.
Tadbirda Vatanimizning yuksak mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
– Jonajon Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilish, el-yurt manfaatlari yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish biz uchun eng muqaddas burchdir, – deydi “Jasorat” medali sohibi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona posti kichik inspektor-kinologi Otabek Nazarov. – Mamlakatimiz erishayotgan yutuqlarni, yurtimizning jahon miqyosida nufuzi yuksalayotganini ko‘rib ko‘ksimiz faxrga to‘ladi. Kamtarona xizmatlarimizning yuksak darajada e’tirof etilayotgani biz, bojxonachilarni ana shu maqsad yo‘lida yanada fidokorona mehnat qilishga undaydi.