Iqtisodiy kengash va 9 ta yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etiladi
Prezidentimiz global iqtisodiyotdagi hozirgi noaniqliklar qancha davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini qayd etdi. Asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollik sekinlashayotgani mahalliy korxonalarimizga, ayniqsa, eksportchilarga ta’sir qilishi mumkin.
Shu sababli barcha rahbarlar har qanday xatarlarni hisobga olgan holda o‘z zaxiralarini safarbar qilishga tayyor bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.
Barcha tarmoq va hududlarga “aql markazlari” biriktirilgan. Endi Iqtisodiy kengash va 9 ta yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Ishchi guruhlar “aql markazlari” bilan birga 15-avgustgacha tarmoq va hududlar kesimida ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi. Bu takliflar “resurs – infratuzilma – loyiha – ishlab chiqarish – byudjetga tushum – eksport” zanjirini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, byudjet, investitsiya va eksport dasturlari mutlaqo yangicha yondashuv – “safarbarlik ssenariysi” asosida tayyorlanishi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar hisobot berdi, bugungi topshiriqlar ijrosini joylarda qanday tashkil qilishi bo‘yicha rejalarini aytdi.
O‘zA