Bugungi kunda O‘zbekiston faol, pragmatik va ko‘p tomonlama tashqi siyosat yuritmoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyatining muhim yo‘nalishi bu uning yaqin atrofdagi davlatlar, shuningdek, ko‘p tomonlama institutlar – MDH, SHHT, YeOII, TDT bilan hamkorlik qilishdir. Ularning ichida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ham alohida o‘ringa ega.
Xo‘sh, bu Tashkilotning boshqa xalqaro tuzilmalardan farqi, global ahamiyati nimada? U nima maqsadda tashkil etilganu, qanday vazifalarni bajarib kelmoqda?
Bugungi kunda mavjud bo‘lgan davlatlararo tuzilmalar ichida eng boy tarixga va ko‘p tajribaga ega bo‘lgan tashkilotlardan biri sifatida aynan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotini keltirish mumkin. 1965 yilda Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Turkiya ya’ni o‘sha davrda rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiy va siyosiy maqsadlarini muvofiqlashtirish uchun birlashgan. Keyinchalik bu tashkilot 1985 yilga kelib iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sifatida qayta nomlandi. Tehronda tashkil etilgan mazkur mintaqaviy davlatlararo tashkilotning maqsadi Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari o‘rtasida savdo va sarmoyaviy aloqalarini kengaytirishdir.
Darvoqe, IHT Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega.
Bugungi kunda IHTga o‘nta davlat – Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston a’zodir. O‘zbekiston IHTga 1992 yil 28 noyabr a’zo bo‘lib kirgan.
Bugungi globallashuv jarayonlarida xalqaro maydonda yakka holda rivojlanish mumkin emas. Ana shulardan kelib chiqib aytish joizki, Tashkilotga a’zolik mamlakatimiz uchun ham manfaatli hisoblanadi. Xususan, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, jahon bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy sheriklar bilan sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, mintaqada transport yo‘laklarini rivojlantirish, ulardan samarali foydalanish va yangilarini yaratish O‘zbekiston va xorijiy sheriklar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridandir.
Misol uchun, 2022 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston va IHT davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu 2017 yilga nisbatan ikki barobar ko‘p deganidir.
IHT hamkorligining asosiy yo‘nalishlari har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan a’zo davlatlar rahbarlarining sammitlarida belgilanadi.
2021 yil 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiya raisligida videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan IHT o‘n to‘rtinchi sammitida ishtirok etib, nutq so‘zlagandi. O‘sha yil 28 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti IHT o‘n beshinchi sammitida ishtirok etdi. Sammit yakunlari bo‘yicha IHTga raislik ilk marotaba O‘zbekistonga o‘tdi. 2022 yil 17-26 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan IHT Hududiy rejalashtirish kengashining yig‘ilishida O‘zbekiston tashabbusi bilan 2022 yil “O‘zaro aloqalarni mustahkamlash yili” deb e’lon qilindi.
Kecha davlatimiz rahbari raisligida Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n oltinchi sammitida bir qator muhim masalalar – o‘zaro savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, tashkilot nufuzini yanada oshirish, tovar ayirboshlashni ko‘tarish, investitsion muhitni yaxshilash, erkin savdo shart-sharoitlarni yaratish, turizmni rivojlantirish, integratsiyalashuv va logistika tarmoqlaridan foydalanishni erkinlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ekologiya sohasida hamkorlik yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, dengizga chiqishga imkoniyati bo‘lmagan davlatlarni tashkilot doirasidagi sheriklar orqali dengizga olib chiqish borasida muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Demak, IHT sammitlarida muntazam ishtirok etib kelayotgan O‘zbekiston uchun kechagi sammit ham o‘ta muhim va ahamiyatli bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor. Boisi, 500 milliondan ortiq aholiga ega IHT ulkan imkoniyatlar maydoni hisoblanadi. Bu borada mamlakatimiz Tashkilotning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va transport-kommunikatsiya salohiyatini ochishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda. Maqsad – O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, mamlakatimizga chet el investitsiyalarini faol jalb etish orqasidan yangi ish o‘rinlarini yaratish va xalq farovoniligini ta’minlashdir.
Jamshid Qosimov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati