“Iqtisodchilar bog‘i” tashkil etildi
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Buxoro viloyati Vobkent tumanining Shanba mahallasida qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan 1 gektardan ortiq yer maydonida viloyat hokimligi iqtisodiy majmua tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar tashabbusi bilan bog‘ barpo etishga kirishildi.
Dastlab butazorga aylangan tashlandiq maydon begona o‘t-o‘landan tozalandi. Tanlangan yer maydonining sho‘rlangan tuproq qismi maxsus texnika yordamida olib tashlandi. Yer shudgor qilinib, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi.

Shundan so‘ng daraxt o‘tqazish harakati boshlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov, tuman hokimi Farhod Umarov boshchiligida sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, viloyatdagi iqtisodiy majmua tarkibidagi korxona,tashkilotlar mutasaddilari, mahalla faollari qatnashdi.

Tadbirda so‘z olganlar ko‘chat ekish birlamchi masala ekanligi, ammo uni parvarishlash, tutib ketishi uchun yetarli sharoitni yaratib berish muhim jarayon hisoblanishini alohida ta’kidlashdi. Zero, bugungi xayrli ishlar kun kelib, albatta, o‘z natijasini beradi.

Shu kuni tadbir ishtirokchilari tomonidan 6 xildagi 1200 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri