Iqtidorli yoshlar va tadbirkorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, shuningdek tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, qariyb 300 nafar tadbirkor va yoshlar qatnashdi.

Ochiq muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro ta’lim olgan iqtidorli yoshlar bilan mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, innovatsion g‘oyalar va zamonaviy bilimlarni mamlakat iqtisodiyoti hamda biznes rivojiga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar xalqaro ta’lim tajribasi, innovatsion g‘oyalar, startaplar, zamonaviy biznes yechimlari, raqamli texnologiyalar hamda yoshlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, iqtidorli yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, ularning startap va innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida bunday muloqotlar yoshlarning bilim va salohiyatini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA