Iqtidorli yoshlar sportga mahallaning o‘zida saralanmoqda (video)
Sportda katta natijaga yo‘l ba’zan katta maydondan emas, mahalladagi oddiy musobaqadan boshlanadi. Gulistonda 23 ta mahallaga biriktirilgan trener-seleksionerlar yoshlarning sportga qiziqishi va qobiliyatini o‘rgandi. Natijada joriy yilning o‘zida 200 ga yaqin o‘quvchi sport maktabiga qabul qilindi.
Bu haqda Guliston shahar sport maktabida «Uyushmagan yoshlar bilan manzilli ishlash» mavzusida tashkil etilgan press-turda ma’lumot berildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etib, yoshlarni sportga jalb etish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, iqtidorini aniqlash va o‘ziga mos sport turlariga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ayni paytda sport maktabida 26 ta sport turi bo‘yicha qariyb 1 500 nafar o‘quvchi-sportchi muntazam mashg‘ulot olib bormoqda. Ularga 50 nafar trener-murabbiy saboq bermoqda. Trenerlarning 37 nafari oliy ma’lumotli bo‘lib, ular orasida oliy, birinchi va ikkinchi toifali mutaxassislar bor.
Sport maktabida Olimpiya va Paralimpiya dasturlariga kiritilgan sport turlari bilan bir qatorda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ham mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Bu orqali yoshlar ommaviy sportga jalb etilib, ular orasidan iqtidorli sportchilar saralanmoqda va yuqori natijalarga tayyorlanmoqda.
Gulistonda yoshlarni sportga jalb etishda ularning sport maktabiga kelishini kutib o‘tirmasdan, yashash hududining o‘zida qobiliyatini aniqlashga e’tibor qaratilgan. Shaharning 23 ta mahallasiga trener-seleksionerlar biriktirilgan. Ular joylarda ommaviy sport musobaqalari, jismoniy tarbiya tadbirlari va mashg‘ulotlar tashkil etib, yoshlarning sportga qiziqishi hamda muayyan yo‘nalishdagi qobiliyatini o‘rgandi.
Saralangan yoshlar qobiliyatiga mos sport turlariga yo‘naltirilib, sport maktabida muntazam mashg‘ulotlarga jalb etildi. Shu yo‘l bilan joriy yilning o‘zida 200 ga yaqin o‘quvchi sport maktabiga qabul qilindi.
Bu ishda umumta’lim maktablari bilan hamkorlik ham muhim o‘rin tutadi. Shahardagi 19 ta umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan 110 nafardan ziyod jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Maktablarda tashkil etilgan sport to‘garaklari faoliyati o‘rganilib, sportga qiziqishi va qobiliyati yuqori o‘quvchilar aniqlanmoqda.
[gallery-31609]
– Yoshlarni sportga jalb qilishda mahalla va maktablar bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar orqali sportga qiziqishi va qobiliyati bor yoshlarni aniqlab, ularni o‘zlariga mos sport turlariga yo‘naltiryapmiz. Bu ishlarni yanada kuchaytirish va qamrovni kengaytirishni maqsad qilganmiz, – deydi Guliston shahar sport maktabi direktori Isroil Ismoilov.
Manzilli ish va muntazam mashg‘ulotlar sportchilar erishayotgan natijalarda ham namoyon bo‘ldi. Bugunga qadar sport maktabida Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha 100 ga yaqin chempion va sovrindorlar yetishib chiqqan.
Jumladan, parasportchi Ziyoda Boqijonovaning Osiyo o‘yinlarida birinchi o‘rinni egallagani, parashaxmat bo‘yicha Buxoroda o‘tkazilgan musobaqada 18 nafar o‘quvchining g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgani sport maktabi tarbiyalanuvchilarining yutuqlaridandir. Dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatida ham sport maktabi vakili sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi. Boks, dzyudo, parapauerlifting, parashaxmat, karate va golbol kabi sport turlarida ham natijalar qayd etilgan.
Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun sharoitlarni yaxshilashga ham e’tibor qaratilgan. «Tashabbusli byudjet» dasturi doirasida ikki qavatli, 15x20 metr o‘lchamdagi sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan to‘plar, trenajyorlar, tatami va boshqa zarur sport jihozlari xarid qilindi.
Sport maktabidagi faoliyat faqat yoshlar bilan cheklanib qolmadi. Shu kuni muassasada 30–70 yosh va undan katta fuqarolar o‘rtasida «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlariga ham start berildi.
Sinovlar aholi salomatligini mustahkamlash, ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va fuqarolarning jismoniy faolligini oshirishga qaratildi.
Tadbirning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi boshlig‘ining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Anvar Tuychiyev hamda Guliston shahar sport maktabi direktori Isroil Ismoilov ishtirok etib, sport sinovlariga rasman start berdi va qatnashchilarga omad tiladi.
Sinovlarda shahar nuroniylari, tibbiyot birlashmasi xodimlari, mahalla faollari va boshqa fuqarolar ishtirok etdi. Qatnashchilar jismoniy mashqlarni bajarib, o‘z tayyorgarlik darajasini sinab ko‘rdi.
Turli yoshdagi fuqarolarning bir maydonda sport sinovlarida ishtirok etgani esa sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollikka qiziqish tobora kengayayotganini ko‘rsatdi.
Muhimi, o‘tkazilgan Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar sport maktabidagi mashg‘ulotlarni kuzatib, yoshlar bilan ishlash jarayoni, seleksiya tizimi, sport sinovlari va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tadbir yakunida sport maktabi rahbariyati va mutaxassislar ishtirokchilarning savollariga javob berdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat, video),
O‘zA muxbirlari