Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda onlayn targ‘ibot seminari o‘tkazildi.
Unda Prezidentimizning 2021 yil 11 fevraldagi “Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonining mazmun-mohiyati hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlari tartibi bilan bog‘liq yangiliklarni keng targ‘ib etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbirda viloyatdagi Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar, umumta’lim maktablari va akademik litsey o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari, davlat organlari, tashkilotlarining kadrlar xizmati mas’ul xodimlari, xorijiy davlatlarda malaka oshirish hamda o‘qish istagida bo‘lgan davlat xizmatchilari ishtirok etdi.
Seminarda “El-yurt umidi” jamg‘armasining xorijda stipendiatlar ta’lim olishini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Azizjo‘ja A’zamxonov ma’lumot berdi.
– Ushbu seminar iqtidorli va istiqbolli yosh mutaxassislarni izlab topish va tanlashga qaratilgan faoliyatni tubdan takomillashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyati filiali yetakchi inspektori Dilshod Qodirov. – bugungi kunda yoshlar va davlat xizmatchilarining “El-yurt umidi” jamg‘armasining bakalavriat, magistratura va doktorantura ta’lim dasturlari asosida xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarda ta’lim olishini tashkil etish, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etish ham muhim vazifalardan biridir.

Seminarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan o‘tkaziladigan ilg‘or xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish uchun 500 o‘ringa mo‘ljallangan 2023 yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovi tartibi to‘g‘risida tushunchalar berildi.
– 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi 50-maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish belgilangan, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti 4-bosqich talabasi Akromjon Tojiyev. – Shuningdek, dasturda yoshlarni texnik, aniq fanlar va IT sohalariga yo‘naltirish hamda xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlarida ta’lim olishi uchun ochiq stipendiya tanlovlarini o‘tkazish ko‘rsatib o‘tilgan. Qolaversa, shuni alohida qayd etish kerakki, davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini tamomlagan yoki ularda PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etilgan. Unga ko‘ra, bakalavriat bosqichini tugatgan yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobaridan 30 barobarigacha, magistraturasini tugatganga esa 20 barobaridan 40 barobarigacha, ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga esa 50 barobaridan 75 barobarigacha qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.

Qizg‘in savol-javoblar va muhokamalarga boy tarzda o‘tgan seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA