Yuksaklikka intilayotgan yurt, albatta, birinchi e’tiborini ta’limga qaratadi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan 2022 yil 1 yanvardan boshlab yurtimizdagi bir qancha oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligi berildi. Moliyaviy mustaqillik esa talabalarga moddiy yordam berish, rag‘batlantirish imkoniyatini ham yaratmoqda.
Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida ham iste’dodli yoshlar, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yutuqlarini rag‘batlantirish va munosib taqdirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– O‘tgan 2024 yil mobaynida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 mingdan ortiq talaba- yoshning kontrakt mablag‘lari “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplab berildi,–- deydi Xorazm viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shahnoza Qalandarova. – Qolaversa, iqtidorli o‘quvchi va talaba- yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida “Viloyat hokimi stipendiyasi” joriy etilgan bo‘lib, o‘tgan yili 27 nafar yoshga 6 oy mobaynida to‘lab berilgan. Bundan tashqari, “Hudud tajribasi” loyihasi bo‘yicha 10 dan ortiq tadbir va musobaqani o‘z ichiga olgan “Talaba fest” doirasida viloyatdagi 8 ta OTM ning 50 mingga yaqin yoshlari qamrab olingan. Shuningdek, 30 nafar muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan, universitetda ham faol bo‘lgan yigitlarga kontrakt mablag‘larining 35 foizi qoplab berildi.
Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida ham iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Buning uchun alohida davlat stipendiyalari tayinlanayapti.
Xususan, Abu Rayxon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida 2024 yilda 267 nafar talaba iqtidorli talabalarni moddiy rag‘batlantirishga hujjat topshirgan. Ularning 193 nafariga ustama haq belgilangan. Bundan tashqari, universitetda xalqaro va respublika sport, fan olimpiadalari va turli xil tadbirlarda sovrinli o‘rinlarni olgan 86 nafar talaba bazaviy stipendiyaning belgilangan barobarlarda rag‘batlantirildi.
[gallery-21636]
– Stipendiya tayinlashda talabgorning tahsil davrida viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi nashrlardagi ilmiy maqolalari, soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi tanlov hamda boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki, erishgan natijasi, o‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgani inobatga olinadi, – deydi universitetning iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Sadoqat Ollonazarova. – Bundan tashqari, talabaning universitetda xalqaro va respublika sport, fan olimpiadalari va turli xil tadbirlarda sovrinli o‘rinlarni olganiga ham ahamiyat qaratiladi. Misol uchun, o‘tgan yili xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikat (filolog- C1, nofilologlarga C1-B2)ga ega iqtidorli talabalar soni 70 nafarni tashkil etdi.
Ta’kidlanganidek, oliygohda 2023-2024 o‘quv yili yakuni bo‘yicha fanlarni a’lo va yaxshi baholarga o‘zlashtirgan iqtidorli va jamoat ishlarida faol bo‘lgan 8 nafar talaba “Rektor stipendiyasi” sovrindorlari bo‘lishdi.
2024-2025-o‘quv yili uchun 17 nafar talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Islom Karimov, Navoiy, Beruniy, Ulug‘bek, Bobur nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari bo‘lishdi.
– O‘tgan o‘quv yilida ko‘plab maqolalarim bir qancha mahalliy va xorijiy jurnallarda nashr qilindi, – deydi rektor stipendiyasi sohibi Azizbek Ibragimov. – “Orzu lirikasi poetikasi” nomli ilmiy monografiyam, “So‘ndirilgan yulduz”, “Haj armoni” nomli kichik sahna asarlaridan iborat to‘plamlar, “Notiq uchun…” deb nomlangan ikkita kitobim va “Onam ekan” deb nomlangan she’riy to‘plamim nashrdan chiqdi. Men sardorlik qiladigan “Jadid” talabalar teatri jamoasi turli respublika ko‘rik-tanlovlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuqlarim rektor stipendiyasiga sazovor bo‘lishimga sabab bo‘ldi. Biz kabi iqtidorli talabalarning bunday rag‘batlantirilishi, kelajakda oldimizga yanada kattaroq maqsadlar qo‘yish va o‘z ustimizda ko‘proq ishlashga undaydi. Stipendiya mablag‘larini ayni damda xorijiy tillarni o‘rganishga sarflamoqdaman.
Universitetning tarix yo‘nalishida tahsil olayotgan Aziza Safarboyeva “Qadimgi Xorazm aholisi zargarlik san’ati tarixi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
– O‘zbek zargarligi juda qadimiy tarixga ega. Unga ibtidoiy jamoa tuzumi davrida asos solingan, – deydi Aziza Safarboyeva. – Qadimgi Xorazm zargarlik san’ati o‘zbek milliy- badiiy madaniyat tarixining ajralmas qismi bo‘lib, u xalqning olis o‘tmishidagi oliy maqsadlarini o‘rganishda yordam beradi. Men bu haqda 40 dan ortiq maqola va 5 ta kitob yozdim. Shu orqali o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘ldim. Yigirmadan ziyod xalqaro kurslarni bitirrdim. Qozog‘iston Respublikasi “Qo‘sh qanot” ijod jamg‘armasining “Xalqaro xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Ta’lim olishim uchun menga ajratilayotgan mablag‘larni, davlatimizning ertangi kuniga yaraydigan barkamol farzand sifatida oqlashni istayman.
Xulosa qilib aytganda, iqtidorli, iste’dodli talabalarni rag‘batlantirish, kam ta’minlangan oila farzandlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda eng ezgu an’anaga aylangan. Biroq talaba- yoshlar ham ana shunday imkoniyat va g‘amxo‘rlikdan to‘g‘ri foydalanib, o‘z yo‘nalishida yanada faol bo‘lishlari va ilmiy -tadqiqot faoliyatlarini yanada rivojlantirishlari lozim.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat, video), O‘zA muxbirlari