Iqtidorlar saralanmoqda: “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi yangi bosqich arafasida
Yurtimizda ilm-fan va innovatsiya sohasiga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining birinchi bosqichi yakuniy pallaga kirdi. Mazkur tanlov nafaqat iqtidorli yoshlarni kashf etish, balki ularni zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yo‘nalishlariga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning mart–aprel oylari davomida respublika bo‘ylab 208 ta tuman (shahar)da tanlovning 1-bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Tegishli Nizomga muvofiq, har bir hududdan 5 nafardan g‘olib aniqlanib, ular tanlovning keyingi — 2-bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Ayniqsa, aprel oyining yurtimizda “Muhandislik oyligi” deb e’lon qilingani tanlov ahamiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa yoshlarning muhandislik, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini namoyon etishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.
Tanlovning 2-bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu bosqichda eng sara ishtirokchilar saralanib, ular orasidan eng munosiblari keyingi bosqichlarga yo‘l oladi.
“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi — bu nafaqat bellashuv, balki kelajak olimlari, muhandislari va ixtirochilarini tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim maydon hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA