Iqlim o‘zgarishi oqibatlari muhokama qilindi
Bugun iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ekologik barqarorlikni ta’minlash. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda.
15-may — Xalqaro iqlim kuni munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi hamda Toshkent shahridagi ADJU universiteti hamkorligida “Iqlim o‘zgarishi oqibatlari va uning salbiy ta’sirlarini kamaytirish choralari” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi xodimlari, bir qator oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Seminardan asosiy maqsad iqlim o‘zgarishining bugungi kundagi global va mintaqaviy ta’sirlari, ekologik xavf-xatarlar, suv resurslari tanqisligi, qishloq xo‘jaligiga ta’siri hamda ushbu muammolarni yumshatish va moslashuv choralari yuzasidan ilmiy va amaliy fikr almashishdan iborat.
Seminarda bir qator dolzarb mavzular — suv barqarorligi ekologiyasining strategik masalasi, iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi sohasiga ta’siri va moslashuv choralari, shuningdek, suv resurslari tanqisligi, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Bu borada qator ma’ruzalar tinglandi, o‘zaro fikr almashildi.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi vakili Munisa To‘tiyeva tomonidan iqlim o‘zgarishi sharoitida agrometeorologik kuzatuvlar va prognozlash ishlarining ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Ilmiy seminar davomida ekologik muammolar yechimiga ilmiy yondashuvni kuchaytirish, davlat idoralari, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqlim o‘zgarishlariga moslashishning ilmiy asoslarini rivojlantirish borasida fikr almashildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA