Iqlim o‘zgarishi muhofazani kuchaytiradi
FOTOREPORTAJ
Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida “Iqlim o‘zgarishining mehnat munosabatlariga ta’siri va ularning innovatsion yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada viloyat hokimi o‘rinbosari H. To‘xtayev hamda viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashi vakillari, shuningdek, Belarus, Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston kabi davlatlari va respublikamizning 9 ta oliy o‘quv yurtlaridan olimlar, sohaga aloqador tashkilotlar, ishlab chiqarish korxonalaridagi mehnat muhofazasi yetakchi mutaxassis xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘z olganlar iqlim o‘zgarishlari ta’sirida ish joylarida sodir bo‘layotgan salbiy baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan muhim takliflarni o‘rtaga tashladi.
[gallery-23160]
- Hozirgi kunda o‘zgaruvchan ob-havo sharoiti mehnat sohasiga, ayniqsa, xodimlar xavfsizligi va sog‘lig‘iga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi, - deydi SamDAQU mehnat muhofazasi va salomatlik muhandisligi kafedrasi mudiri Zikrilla Yasakov. - Iqlim o‘zgarishi sababli kasbiy xavf-xatarlarga issiqlik stressi, ultrabinafsha nurlanish, havoning ifloslanishi, yirik sanoatdagi avariya holatlari, ekstremal ob-havo hodisalari, transmissiv kasalliklar ko‘payishi va kimyoviy moddalar ta’siri kuchayishi ehtimoli katta. Yuqori harorat yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari tufayli o‘limga olib kelishi ham mumkin. Iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, ochiq havoda yoki issiq xonalarda ishlaydigan odamlarga ko‘proq xavf tug‘diradi.
Iqlim o‘zgarishi davrida mehnat munosabatlari muammolari anjumanda batafsil muhokama qilindi. Ish jarayonida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar sabablari tahlil qilindi. Qurilish sohasida xavfsiz ish sharoitini yaratish, ishchi xodimlarning mehnat muhofazasi madaniyatini shakllantirish asoslari bo‘yicha tegishli xulosa va tavsiyalar berildi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA