Iqlim muammosini yengishda O‘zbekistonning roli
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibati barqaror rivojlanishga va xalqaro xavfsizlikka jiddiy xavf solmoqda. Tobora ko‘p va yanada dolzarb shaklda BMT minbarida ko‘tarilayotgani ham ayni muammo jiddiyligini ko‘rsatadi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda Tashkilot qarorgohida bo‘lib o‘tgan brifingda chiqish qilib, “Global isish davri tugadi, global qaynash davri boshlandi”, deya bejiz ta’kidlagani yo‘q. U “Yangi kun tartibimiz” nomli ma’ruzasida sayyoramizdagi uch inqirozni keltirib o‘tgan: iqlim o‘zgarishi, bioloshiya xilma-xilligi yo‘qolishi va sayyoraning ifloslanishi.
Ushbu muammolar bugungi kunda global isish oqibatini muntazam boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo uchun juda dolzarb. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi yangi hisob-kitobiga ko‘ra, 1850 yildan boshlab dunyoda harorat o‘rtacha 1,1ᵒC ko‘tarilgan. Ayni payt mintaqamizda harorat oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori – 2,2ᵒC.
Salbiy oqibat bugun yaqqol namoyon va ekspertlar fikricha, bundan keyin vaziyat faqat yomonlashadi.
Salbiy holatning birinchi sababi – muzliklar erishi. Markaziy Osiyoning asosiy suv arteriyasi bo‘lmish Amudaryo va Sirdaryoning 50 foizgacha qor va muz qoplami so‘nggi 70 yilda 30 foiz qisqardi. Yaqin 20 yil ichida oqim 15, aholi jon boshiga suv bilan ta’minlanganlik 25,
qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foiz kamayishi kutilyapti.
So‘nggi 20 yil O‘zbekistonda aholi jon boshiga suv bilan ta’minlanganlik 3 ming kub3dan 1,5 ming kub3ga, ya’ni 2 barobar kamaydi.
Ikkinchidan, gidrologik sikldagi o‘zgarish tabiiy ofat soni sezilarli darajada oshishiga olib kelmoqda. Statistika shuni ko‘rsatadiki, 2011-2022 yillarda qayd etilgan 126 tabiiy ofatdan 46 foizi zilzila, 27 foizi suv toshqini, 13,5 foizi ko‘chki, 8,7 foizi kuchli bo‘ron, 1,6 foizi tabiiy yong‘in, 0,8 foizi to‘xtovsiz oqim tufayli sodir bo‘lgan.
Har yili Markaziy Osiyoda 3 milliongacha kishi tabiiy ofatdan aziyat chekadi. O‘zbekistonda bu raqam 1,4 millionga teng. Bu hodisalar qariyb 3 milliard dollar ziyon keltiradi.
Umuman, suv yetishmovchiligi va qurg‘oqchilik kuchayishi biologiya xilma-xilligiga, yaylovga, chorvachilikka halokatli ta’sir ko‘rsatadi, nafas yo‘li kasalliklari ko‘payishi va boshqa xavflarni keltirib chiqaradi.
Bu omillar aholi soni o‘sishi, iqtisodiyot rivojlanishi bilan birga O‘zbekiston va butun mintaqa uchun salbiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi, suv, oziq-ovqat ta’minotiga, energetika xavfsizligiga tahdid soladi, ekologik muammolarni keskinlashtiradi. Hozir har daqiqada mintaqamizdagi 9 kvadart metr serhosil maydon sahroga aylanmoqda. Prognozga ko‘ra, 2050 yilga borib iqlim o‘zgarishi natijasida Amudaryo va Sirdaryo havzasidagi suv resurslari qisqarishi mintaqaviy YAIM 11 foiz pasayishiga olib kelishi mumkin. Bu vaqt Markaziy Osiyoda 2,4 million nafar “iqlim migranti” paydo bo‘ladi va ular farovonroq joylarga ko‘chadi.
O‘zbekistonda 2016 yil Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbarligiga saylanishi bilan atrof-muhit, qishloq va suv xo‘jaligi siyosati tubdan qayta ko‘rib chiqildi. 2017 yil O‘zbekiston Parij bitimini imzolagach, asosiy qismini milliy miqyosda belgilanadigan hissa bo‘yicha issiqxona gazini qisqartirishga oid bandlar tashkil etuvchi qator majburiyatlarni zimmasiga oldi. 2021 yil mamlakatimiz o‘z maqsadini yanada aniqlashtirdi va yangilangan milliy miqyosda belgilanadigan hissani qabul qildi. Yangi majburiyat 2030 yilda YAIM birligiga nisbatan solishtirma ajratmani 2010 yildagi darajadan 35 foiz qisqartirishdan iborat.
Shuningdek, O‘zbekiston ekologiya masalasini hal qilish, bioxilma-xillikni saqlab qolish va BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun qator konseptual hujjatlarni qabul qildi. O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi, 2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi shular jumlasidan. Umuman, respublikamizda tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 40 dan ortiq qonunni jamlagan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza shakllantirilgan.
Ekologiya muammolarini hal qilish maqsadida O‘zbekiston tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga o‘zgartirildi. Iqlimshunos mutaxassislar tayyorlash sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarni tabiatni muhofaza qilish sohasiga faol jalb qilish maqsadida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti tashkil etildi.
“Yashil Makon” loyihasi doirasida 400 million dona manzarali va mevali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishda har yili 200 million tup ko‘chat ekish va respublikamizda ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, respublikamizning 10 hududida aerobiologik monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish hamda shahar, tuman markazlarida har 50-100 ming aholi uchun “jamoat xiyobonlari” yaratish ko‘zda tutilgan.
Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan iqlim bilan bog‘liq va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Orol bo‘yida 1,8 million gektar urug‘li va cho‘l o‘simligi o‘rmoni barpo etildi. 2030 yilgacha 2,3 million gektar maydonni ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan.
Kam uglerodli energetikaga o‘tish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ta’minlanmoqda. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 ming megavattga, umumiy ishlab chiqarish tarkibida 14 foizdan 40 foizgacha oshirish nazarda tutilgan. O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari va resurslarni tejovchi texnologiyani tezkor joriy qilish orqali 2030 yilga borib energiya sarfini 2 barobar, 2050 yilgacha esa energetika tarmog‘ida uglerod betarafligiga erishishni rejalashtirmoqda.
Suv resurslarini tejash borasida ham faol ish olib borilmoqda. O‘zbekiston suvni tejovchi texnologiya joriy qilingan maydonlar bo‘yicha Isroil, AQSH, Rossiya, Ispaniya, Braziliya va Italiyadan keyin 7-o‘rinni egallagan.
2018 yilgacha resublikamizda 28 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiya joriy qilingan edi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 1 million gektarga yetdi. 2030 yilgacha suvdan foydalanish samaradorligini 25 foiz oshirish belgilangan. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejovchi texnologiya bilan qamrab olingan umumiy yer maydoni 2 million gektarga, suv tejovchi texnologiya ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning yillik quvvati 300 ming gektarga yetkaziladi.
Iqlim muammosi tranchegaraviy xususiyat kasb etishini anglagan holda, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va oqibatga moslashish masalasida Markaziy Osiyo mintaqasini birlashtirish sari harakatni sezilarli darajada faollashtirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 sentyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida nutq so‘zlab, iqlim barqarorligini, “yashil” rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya qabul qilishni taklif etdi.
“Bir kamar, bir yo‘l” uchinchi Xalqaro forumi doirasida ham davlatimiz rahbari iqlim muammosiga batafsil to‘xtaldi: “yashil rivojlanish”ni strategik muhim vazifa sifatida belgilab, nafaqat o‘z xalqi, balki butun mintaqa oldidagi yuksak mas’uliyatni namoyon etdi. Bunday yondashuv va siyosiy iroda O‘zbekiston rahbariga Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirish, mintaqa mamlakatlarining birgalikdagi sa’y-harakatini “yashil” rivojlanish yo‘liga izchil yo‘naltirish imkonini beradi.
Ayni dam O‘zbekiston boshqa xalqaro uchrashuvlarda ham iqlim masalasini ilgari surishni faollashtirgan. Xususan, SHHT doirasida davlatimiz rahbari dekarbonizatsiya va “toza” texnologiyani joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini, suvdan tejamkorlik bilan foydalanishni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada yaqindan muvofiqlashtirish orqali amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘n oltinchi sammitida O‘zbekiston rahbari 2024 yil bo‘lajak Samarqand iqlim forumi doirasida Ekologiya masalalari bo‘yicha yuqori darajali platformaning birinchi anjumanini o‘tkazish taklifini bildirdi. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida vazirlik darajasida doimiy faoliyat yuritadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish fikri yangradi.
BMT Bosh assambleyasi 78-sessiyasida davlatimiz rahbari Orol fojeasi oqibati va hukumatlar tomonidan vaziyatni yumshatish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib, Suv resurslari bo‘yicha BMT maxsus vakili lavozimi va “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni ta’sis etish taklifini kiritdi.
Samarqandda ilk bor 13-17 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasi 21-sessiyasida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va bunday hodisalar keltirib chiqarayotgan ijtimoiy, ekologik muammolar og‘ir ta’sirini to‘liq his etayotganini yana bir marta ta’kidladi. Shu sabab, davlatimiz rahbari xalqaro ekspertlar hamjamiyatini O‘zbekistonning qum va chang bo‘roni bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy konvensiyasiga a’zo davlatlar yillik konferensiyasi O‘zbekiston uchun muhim platforma sanaladi. Tuzilmaning navbatdagi yig‘ilishi joriy yil Dubayda bo‘lib o‘tadi.
Mamlakatimiz 1993 yil BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy konvensiyasiga a’zo bo‘ldi. O‘zbekiston Konvensiya a’zosi sifatida iqlim bo‘yicha hisobotlar – Milliy axborot, Ikki yillik hisobot, Moslashish rejasini tayyorlaydi va Konvensiya kotibiyatiga taqdim etadi, milliy miqyosda belgilanadigan hissani ishlab chiqadi va yangilaydi. Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha To‘rtinchi milliy axborotini tayyorlash ishlari yakunlanmoqda, Hujjatda maamlakatimiz so‘nggi 5 yilda iqlim o‘zgarishiga qarshi faoliyati aks etadi.
2021 yil Glazgoda bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 26- anjumanida Markaziy Osiyo mamlakatlari yagona pavilonda tanishtirilgani va xalqaro hamjamiyat e’tiborini Markaziy Osiyoda iqlim muammosiga qaratadigan qo‘shma kommyunike e’lon qilingani ham mazkur maydonchaning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
2022 yil Sharm-al-Shayxda bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy konvensiyasi a’zolari konferensiyasi 27-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Tanzila Norboyeva chiqish qilib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyati bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi. Iqlim kengashini tashkil etish taklifini bildirdi. Kengash iqlimga moslashish, yerning cho‘llanishi va degradatsiyaga uchrashi, suv tejaydigan texnologiyani joriy qilish loyihasini ilgari surishda hamkorlik samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Dunyoning, deyarli, barcha mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari yig‘iladigan 28-forum iqlim o‘zgarishiga qarsh kurashish, oqibatni yumshatish, bu boradagi strategiyani moliyalashtirish, “yashil energetika”ga o‘tish sohasida xalqaro sa’yarakatni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
O‘zbekistonning BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy konvensiyasi a’zolari konferensiyasi 28-sessiyasidagi ishtiroki mamlakatimiz iqlim o‘zgarishiga qarshi global kurashga sodiqligi ramzidir. Albatta, tadbir iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muhim tashabbuslar bilan chiqish qilish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, barqaror kelajak uchun jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Anvar Xo‘jayev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi