Xabaringiz bor, shu yil 12 fevraldagi (O‘RQ-1028-son) qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunga ipoteka munosabatlariga elektron garov xatini joriy etishni, bunday garov xati bilan ta’minlangan majburiyatlarni bajarishni, u bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazishni va undan foydalanishga doir boshqa mexanizmlarni belgilashni, shuningdek, talab qilish huquqlari hamda garov xati tugatish massasiga kiritilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi Investorlar bilan aloqa menejeri Ulug‘bek Iskandarov bilan ushbu qonun bilan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini takror moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar, ikkilamchi kam foizli kreditlar ajratilishi borasida olib borilayotgan ishlar, ipoteka kreditini berish uchun uzoq muddatli resurslarni banklarga jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida suhbatlashdik.
– “Ipoteka to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, endilikda ipotekani qayta moliyalashtirish imkoniyati kengaymoqda, – deydi Ulug‘bek Iskandarov. – Ya’ni, nafaqat ipoteka krediti, barcha kreditlar bo‘yicha talab qilish huquqini garovga olish tizimi nazorat mexanizmi yaratilmoqda. Qonun bilan ipoteka kreditlarini talab qilish huquqini qayta moliyalashtirish jarayonida yangiliklar paydo bo‘ladi. Shu vaqtgacha talab qilish huquqlarini garovga qo‘yish amaliyoti bor edi. Ammo buning nazorat mexanizmi yo‘q edi. Endilikda, elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish garov xatining qonuniy egasi va garovga qo‘yuvchi tomonidan elektron garov xatiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi kelishuv (qo‘shimcha kelishuv) shaklini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
Elektron garov xatlari bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi. Elektron garov xatiga doir huquqlar oluvchining depo hisobvarag‘iga tegishli yozuv kiritilgan paytdan e’tiboran unga o‘tadi va depo hisobvarag‘idan ko‘chirma bilan tasdiqlanadi.
Kompaniya – elektron garov xatining joriy qilinishida asosiy tashabbuskor. Uzoq davom yetgan muzokaralar, mehnatlar natijasi o‘laroq endilikda garov xatini rasmiylashtirish, ro‘yxatdan o‘tkazish va aylanmasi tartibi soddalashtiriladi. Bunga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan garov xati mexanizmini takomillashtirish orqali ipoteka bozoriga uzoq muddatli resurslarni jalb qilish va ipoteka kreditini aktiv sifatida muomalaga kiritish mumkin bo‘ladi. Garov xatini onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markazlariga borish orqali rasmiylashtirish imkoniyati, elektron garov xati konsepsiyasi joriy etiladi. Tijorat bankining bankrotligi/tugallangani holatida ipoteka krediti afzalliklarini kafolatlash va ipotekani qayta moliyalash doirasida bank majburiyatlarining ta’minoti sifatida garov xatlari, talab qilish huquqlari bankning tugallash massasiga qo‘shilmaydi.
– Ipoteka kredit berish uchun uzoq muddatli resurs mablag‘lari kerak bo‘ladi. Bu resurs mablag‘larni Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi qayerdan oladi?
– Hozirda uzoq muddatli kreditlarni kompaniya ichki va tashqi kapital bozoridan olyapti. Kompaniyaning funksiyasi shuki, qisqa muddatli resurs olsa-da, banklarga uzoq muddatli resurs qilib beradi. Shuning uchun kompaniya 3-6 yillik jalb qilingan resurslarni hozirgi kun sharoiti bilan 10 yil va undan yuqori muddatlarga berishga harakat qilyapti. Ya’ni, bu tijoriy resurslarda nazarda tutilyapti.
Ipoteka kreditlarini berish uchun hozirgi kunda uzoq muddatli resurslar bank tizimida biroz tanqis. Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi bu masalani hal qilishda ikki xil yo‘nalishda ish olib bormoqda. Birinchisi, mahalliy kapital bozoridan resurslar jalb qilish, ikkinchisi, xalqaro bozordan resurslar jalb qilinmoqda. Xalqaro bozorlar deganda Xalqaro kapital bozori hamda xalqaro rivojlantirish institutlari ko‘zda tutilmoqda. Xalqaro rivojlanish institutlari, Yevropa taraqqiyot tiklanish banki, Osiyo taraqqiyot banki shular jumlasidandir.
– Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan 2025 yilda ikkilamchi kam foizli kreditlar banklarga yo‘naltiriladimi?
– Hozirgi kun sharoitida arzon resurs mablag‘lar topish qiyin masala. Biz shu kungacha ishlab kelgan Osiyo taraqqiyot banki resurslari suveren qarz edi. Suveren qarz resurslarini bir marotaba 150 million dollar miqdorida olgan edik. Bu resurslarni 2020 yildan boshlab o‘zlashtirishni boshlaganmiz. Bu resursni muvaffaqiyatli o‘zlashtirib bo‘ldik.
Hozirgi kunda yangi resurslarni jalb qilish ustida ishlayapmiz. Xalqaro moliya korporatsiyasidan resurs jalb qildik. Bugungi kunda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan ishlar olib boryapmiz. Bu borada yaqinda yangilik bo‘ladi.
– Ipoteka kreditining ko‘p ajratilishi uy-joylar narxi oshishiga olib kelmaydimi?
Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinmoqda. Bu tizim developerlarga hozirgidan pastroq stavkada mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Muhimi, developerlarni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi. Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish hamda uy bitmasdan turib ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bilan uy sotib oluvchilar kafolatli himoyalanadi. Developerlar tomonidan ob’ektning 50 foizi qurilganda fuqarolar kredit va subsidiya olishi mumkin bo‘ladi. Ushbu tartib nafaqat imtiyozli, balki tijorat ipotekasi uchun ham tatbiq etiladi.
Quruvchi tashkilotlar qurilishni boshlaganidan yakunlagunicha, lekin ko‘pi bilan 12 oy davomida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. Ob’ekt muddatida topshirilmasa, developer yer solig‘ini 2 karra miqdorda to‘laydi. “Yangi O‘zbekiston” massivi uchun berilgan yerlarning 10 foizi developerlarga tijorat binolarini qurishi uchun yagona lot sifatida savdoga chiqariladi.
Mamlakatimizda 2030 yilgacha kamida 100 ta “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish reja qilingan. Yangi massivlar uchun yerlar kamida 70 ming odam yashaydigan tuman markazi yoki shahar hududiga 1-2 kilometr masofadagi joydan ajratiladi. Bu massivlarning har birida 100 ming kvadrat metr xonadon quriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda uy-joy qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Ipoteka krediti ko‘p ajratilsa ham uy-joy narxi oshmaydi. Chunki talab bilan taklif barobar olib borilsa, uy-joy narxi oshmaydi. Aksincha tushadi.
<div style="left: 0; width: 100%; height: 0; position: relative; padding-bottom: 56.25%;"><iframe src="https://www.youtube.com/embed/jn_d2SKiq-4?rel=0" style="top: 0; left: 0; width: 100%; height: 100%; position: absolute; border: 0;" allowfullscreen scrolling="no" allow="accelerometer; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share;"></iframe></div>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA