Farmon va sharh
Boloxonali uy. Uning darvozasi oldida to‘xtagan mashinadan daftar-ruchkali bir kishi tushdi. Ostonada shu xonadonning yoshi ulug‘i – Qizlargul momo bilan shoshmasdan suhbatlashdi.
– Ha, bu bir quti, – dedi mehmon ketar chog‘i. – Sizlarga ajratilgani shu bo‘ldi. Endi o‘zingiz bosh bo‘lib qarab berasiz, ena. O‘zimiz xabar olib turamiz, kamchiliklar bo‘lsa aytarsiz. Charchamangizlar...
Momo issiqqina xonaning to‘ridagi xontaxtaga qalin daftar muqovasini tashladi. Qog‘ozga o‘sha qutidagi qoramtir, juda mitti jonzotlarni ohista to‘kdi. Bittagina tut yaprog‘ini maydalab, uni ham muqova sathiga sochdi.
Ipak qurti – tabiatning mo‘’jizasi. Uch-to‘rt kun bir kishi eplab yurgan “muqova” soat sayin kengaydi. Sal o‘tmay katta-katta so‘rilar band bo‘ldi. Pillaxona nazoratda bo‘ldi. Yemishini kunmi, tunmi farqi yo‘q – soatga qarab berishdi. Go‘dakka bo‘lganday e’tibor ularga bo‘ldi. Bora-bora qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni hasharga chiqishdi. Bahonada davra-davra suhbatlar, she’rxonliklar qilindi. Aytilganidek, bu ishga Qizlargul momo bosh bo‘ldi.
Bu voqealarga o‘n besh-yigirma yillar bo‘lib ketdi. Bugun pilla parvarishi, urug‘chiligi, uning ozuqa bazasini mustahkamlash borasidagi tajribalar ancha zamonaviylashdi. Mamlakatimizda ipak qurti parvarishi uchun qulay tabiiy sharoit mavjud. Tajribali pillakorlar har bir hududda talaygina. Aytmoqchi bo‘lganimiz, tarmoq rivojiga xalqimizning ko‘p yillik mana shunday tajribasi ham xizmat qilayotgani shubhasiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 3 mayda “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.
Bu hujjat bilan sohada investitsiya muhiti yanada yaxshilanishi ko‘zda tutilmoqda. Xomashyo bazasini kengaytirish hamda ipak qurti urug‘i hajmlarini keskin ko‘paytirish maqsadi bor. Yana bir muhim jihati, pilla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali tarmoqdagi bandlik ikki baravarga oshiriladi.
– Ushbu hujjat bilan 2026 yilga qadar nafaqat ipakchilik sanoati korxonalariga, balki pillakorlarimizga ham bir qator imtiyozlar berildi, – deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Ikrom Sayfullayev. – Xususan, uy sharoitida pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilish nazarda tutilgan. Ipakchilik sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘i kamaytiriladi. Sohaning rivoji urug‘chilikka e’tibor bilan ham belgilanadi. Shuni inobatga olgan holda respublikada ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyojni mahalliylashtirish darajasini 80 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida naslli urug‘chilik stansiyalarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Stansiyalarning tashkil etilishi tartibi, ishlash mexanizmi aniq ko‘rsatilgan. Natijada urug‘ importi qisqarishiga erishiladi.

Hujjat bilan pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unga ko‘ra, pilla yetishtirish va ipakchilik sohasi 2024-2027 yillar davomida tizimli rivojlantiriladi. Xususan, tutzorlar yer maydoni 160 ming gektarga, dala chetlaridagi yakka qator ekilgan tut daraxtlari soni 500 millionga yetkaziladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyojni mahalliylashtirish darajasi oshirilishi ko‘zda tutilgan. Respublikada ishlab chiqariladigan xom ipak sifati 5A klassga hamda uni qayta ishlash darajasi 75 foizga yetkazilishi belgilangan.
Tegishli tartib o‘rnatilib, unga ko‘ra 2027 yilga qadar bosqichma-bosqich pillachilik sohasida aholining mavsumiy bandligi ikki million kishiga yetkaziladi. Har chorakda ishsiz va band bo‘lmagan aholi, shu jumladan, ayollar ro‘yxati shakllantiriladi. Ushbu ro‘yxatga asosan mas’ul idora pillachilik klasterlari bilan birgalikda pillani yetishtirish agrotexnikasi va pillani qayta ishlash ko‘nikmalariga o‘qitish kurslarini tashkil qiladi. O‘quvlarni muvaffatiyatli tamomlaganlarga maxsus sertifikatlar taqdim etib boriladi.
Bozor tamoyillariga o‘tish har bir sohaning rivojiga xizmat qiladi. Shuni inobatga olgan holda farmonda pillachilikni bozor tamoyillari asosida rivojlantirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh 2025 yil pilla yetishtirish mavsumidan boshlab pillachilik sohasini bozor tamoyillari asosida rivojlantirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqadi.
Farmonning ijrosi, ipakchilikda to‘plangan tajriba va zamonaviy yondashuvlar uyg‘unlashsa natija yuksak bo‘lishi shubhasiz.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri