“Ipak va Ipak yo‘li: Xanchjoudan Samarqandgacha”
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida O‘zbekiston va Xitoy madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan shu nomdagi ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida Samarqand viloyati va shahar hokimliklari mas’ullari, muzeyshunos va tarixchi olimlar, ikki davlat muzeylari vakillari ishtirok etdi.
– Xitoy va O‘zbekiston dunyoning qadimiy sivilizatsiya markazlaridan sanaladi, – dedi Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Chi Junlin. – So‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlari tomonidan strategik sheriklik munosabatlari, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi va bir qator xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston fuqarolari uchun Xitoyga 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingani ana shu yaqin hamkorlik natijasidir. Qolaversa, madaniy-gumanitar aloqalarimiz ham mustahkamlanayotgani tufayli bu kabi ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda.
[gallery-20733]
Uch yil oldin Samarqand va Xitoyning milliy Ipak muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy merosni muhofaza qilish, madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida ko‘rgazmalar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan yil Xitoyda “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi”, Samarqandda esa Sin sulolasi davriga oid ipak namunalari, liboslar va shoyi mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilgan edi.
Xitoy milliy Ipak muzeyi direktori Jou Yangning ta’kidlashicha, Xanchjou va Samarqand Xitoy ipak madaniyatining tug‘ilgan joylaridan biri va Ipak yo‘lidagi muhim markazlardir. Shu jihatdan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida o‘tkazilayotgan navbatdagi ko‘rgazmada Samarqanddagi nodir eksponatlar va Tang sulolasining ipakchilik san’ati, bezak va naqshlar, Xitoy milliy Ipak muzeyi xazinalaridan o‘rin olgan kolleksiyalar ekspozitsiyaga chiqarilgan.
Ko‘rgazma bir yil davom etishi ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari