Ipak qurti urug‘i importiga chek qo‘yiladi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi tomonidan tashkil etilgan brifingda pilla yetishtirish, investitsiya va ipak mahsulotlari eksporti bo‘yicha erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida pillachilik klasterlari tomonidan tut ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish orqali pilla yetishtirish hajmini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha jami 2,7 ming gektarda yangi tutzorlar barpo etildi va 67,5 million tup tut ko‘chatlari ekildi. Yangi ekilgan tut ko‘chatlari va barpo etilgan tutzorlar hisobiga tut plantatsiyalari maydoni 53,4 ming gektarga, yakka qator tutlar soni qariyb 119,5 million tupga yetkazildi.
Respublikamizda 506 gektar yer maydonida 22 ta tut urug‘chiligi va ko‘chatchilik xo‘jaliklari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 2021 yilda bahorgi ko‘chat ekish mavsumi uchun 30,4 million dona va kuz mavsumi uchun 33,1 million dona, jami 63,5 million dona tut ko‘chati va nihollari tayyorlandi. Shuningdek, 43,3 gektar onalik tutzorlarda 1,2 tonna tut urug‘i tayyorlandi.
Uyushma tashkil etilgandan keyin ipak qurti urug‘chiligi korxonalari to‘liq o‘rganib chiqilib, ularni modernizatsiya qilish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda soha mutaxassislarini Xitoyda tajriba almashish va malakasini oshirish ishlari muntazam ravishda olib borilayapti.
2024-2025 yilga kelib respublikada sifatli ipak qurti urug‘iga bo‘lgan talab mahalliy korxonalar tomonidan to‘liq qondiriladi va ipak qurti urug‘ining importiga chek qo‘yiladi.
Prezidentimizning 2018 yil 20 martdagi va 4 dekabrdagi tegishli qarorlariga asosan joriy yilning 10 oyligida tutzorlar qoshida 581 ta inshoot –(qurtxona) qurilib, foydalanishga topshirildi.
Respublikada joriy yilda 22,4 ming tonna pilla yetishtirish belgilangan bo‘lib, amalda 22,7 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirildi. Bu esa rejaga nisbatan 101,3 foizni tashkil etadi.
Joriy yilda yetishtirilgan pilla xomashyosi tizim korxonalari tomonidan to‘liq qayta ishlanib, ipak mahsulotlari eksportga yo‘naltirilmoqda.
Tizim korxonalari tomonidan yetishtirilgan pilla xomashyosini qayta ishlash quvvatlaridan foydalanish darajasi 2020 yilda 94 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazildi.
Bundan tashqari, joriy yilda umumiy hisobda 117,4 million dollarlik 101 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda.
bugungi kunga qadar tarmoqdagi pillani qayta ishlash va ipak qurti tayyorlash korxonalari tomonidan texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish hamda yangi quvvatlarni ishgan tushirishga 85 million dollar investitsiya mablag‘i o‘zlashtirishga erishildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA