Ipak matolar to‘qish korxonasi ish boshladi
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik tantanasi arafasida Andijon viloyatining Shahrixon tumanida atlas, adras matolar, baxmal va ipak gilam to‘qishga ixtisoslashgan korxona ish boshladi.
Korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ularning hayotiy muammolarini yechish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-3622]
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 17-18 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ishsiz, lekin ishlash istagi bo‘lgan opa-singillarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘rgatish, shu orqali ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha qator topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriq, qolaversa, Prezidentimizning joriy yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda “Sapfir sanoat” MCHJ pilla klasteri tomonidan tashkil etilgan mazkur korxonada ko‘plab xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Jumladan, Marg‘ilon shahridagi “Hunarmandlar markazi”da bir oy davomida hunar o‘rganib qaytgan 17 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar ishga qabul qilindi.
– Marg‘ilondagi “Hunarmandlar markazi”da bir oy o‘qib, milliy matolarni to‘qish sirlarini puxta o‘rgandik, – deydi tumandagi Tumor mahallasida yashovchi Fotimaxon Qoraboyeva. – Tumanimizda ipakdan milliy matolar to‘qish korxonasining ishga tushishi, ayniqsa, biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Endi shu yerda ishlab, shahrixonlik hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan opa-singillarimizga ushbu hunarni o‘rgatamiz.
Tadbir doirasida Andijon viloyati hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatning tuman va shaharlarida istiqomat qiluvchi Marg‘ilonda atlas, adras, shoyi singari milliy matolar hamda gilam to‘qish hunarini o‘rganib qaytgan 100 nafar xotin-qizga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Sertifikatlarni o‘z egalariga viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari M.Nizomova topshirib, viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlar reja asosida izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),O‘zA