Iordaniya bilan aloqalar rivojlanmoqda
– Haqiqatan O‘zbekistonda juda qisqa muddat, ya’ni so‘nggi 8 yil ichida kuzatilgan rivojlanish barchani hayratlantirmoqda. Ayniqsa, transformatsiya jarayonini e’tirof etmay iloj yo‘q. Islohotlar samarasini barcha, jumladan so‘z erkinligi, demokratiya, iqtisodiyot, inson huquqi kabi asosiy yo‘nalishlarda ko‘ryapmiz, – deydi mamlakatimiz tashqi siyosatining zamonaviy davrdagi fundamental asosi va strategik ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalarkan, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining Favqulodda va muxtor elchisi Demiya Zuhayr Haddod.
Elchi Iordaniya va O‘zbekiston diplomatik pasport egalari uchun o‘zaro vizasiz kirish to‘g‘risida hukumatlararo kelishuvga erishilganini ham qayd etdi.
Vitse-prezidentlar Nabil Al-Xatib va Bahjat Hamdan hamda kotib o‘rinbosari Falah Al-Sag‘ir ishtirokida kechgan masofaviy uchrashuv chog‘ida Ammon Savdo-sanoat palatasi raisi Xalil Al-Haj Tavfiq O‘zbekiston tovarlar bozori hamda eksport bo‘yicha xizmat va ma’lumot bazasini shakllantirishda muhim rol o‘ynashi, iqtisodiy, savdo va xizmat ko‘rsatish imkoniyatini o‘rganish, noan’anaviy bozorlar yaratishda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish, savdo ayirboshlash hajmini oshirish zarurligini ta’kidlagan.

Uchrashuvda savdo aylanmasi darajasi baholandi, mahsulot ayirboshlash yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda investitsiya sherikligini rivojlantirish bo‘yicha xususiy sektor darajasidagi alokalarning yangi bosqichi xususiyatini belgilash maqsadida Ammon Savdo-sanoat palatasiga tashrif buyurgan O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi bilan birga oldingi uchrashuv yakunlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, savdo, xizmat ko‘rsatish, axborot texnologiyalari, turizm, transport va oziq-ovqat sohalariga ixtisoslashgan sub’ektlar o‘rtasida muzokaralar tashkil qilishga kelishildi. Hamkor davlat delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Iordaniyaga o‘zbek sarmoyasini jalb qilish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Elchi Haddod Iordaniya barcha do‘st davlatlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatish istagida ekani, bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi alohida mavqega egaligini ta’kidlab, Iordaniya xususiy sektori hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatni kuchaytirishi, iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirishga intilishini bildirdi.
U Ammon Savdo-sanoat palatasi vakillari hamkasblari bilan biznesni osonlashtiradigan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini qayd etdi. Iordaniya savdo delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi savdo ayirboshlashni kengaytirish yo‘llarini muhokama qilish, turli sohalarda hamkorlikning yangi imkoniyatlarini kashf qilishiga ishonch bildirdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasida 1993 yil 15 fevralda diplomatiya munosabati o‘rnatilgach, siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlik jadal rivojlanmoqda.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA