Senatning uchinchi yalpi majlisida “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun yuzasidan Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov ma’ruza qildi.
– 2024 yilda xorijiy investitsiyalar 1,6 baravarga o‘sib, 34,9 milliard dollarni tashkil qilgan, – dedi O.Mamatkarimov. – Qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyiha ishga tushirilgan. Eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi. So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushirilgan. Mazkur qonun investitsiya faoliyati sohasidagi yagona davlat siyosatini, xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunda mamlakatimizda qulay investitsiyalar muhitini yaratish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy investor hamda tadbirkorlarning huquqlarini kafolatlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, aholining sog‘lig‘ini saqlash, sifatli ta’lim, tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishini ta’minlash, qayta ishlash va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, inson huquqlari himoya qilinishini ta’minlash ham ushbu qonunning maqsadlaridan hisoblanadi.

Bundan tashqari, investitsiyalar va investitsiya faoliyatiga oid asosiy tushunchalar, prinsiplar va maqsadlar belgilanmoqda. Xususan, investitsiyalash erkinligi, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, biznesni boshqarish erkinligi hamda mablag‘larni erkin tasarruf etishga doir kafolatlar belgilanmoqda.
Qonun bilan investitsiya hajmiga ko‘ra kichik, o‘rta, yirik, strategik investitsiya loyihalariga imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirilmoqda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada ustav fondining chet el investitsiyalarini tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi miqdor 15 foizdan 10 foizga tushirilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi va ma’qullandi.
Umidjon Qurbonov,
Nosir Haydarov (surat),
O‘zA