Investitsiyalar hajmi 35 yilda qanchaga oshdi?
O‘zbekiston iqtisodiyoti mustaqillik yillarida yuqori o‘sish sur’atlariga erishdi.
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 35 yil ichida mamlakatimizda investitsiyalar hajmi 14,2 barobarga oshgan. Xususan, 2025-yil davomida iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 591,1 trillion so‘m miqdoridagi asosiy kapitalga investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Taqqoslash uchun, 1991-yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 11,6 milliard rublni tashkil etgan bo‘lsa, 1995-yilga kelib 88,9 milliard so‘mga yetdi. Yillar davomida investitsiyalar oqimi izchil sur’atda o‘sib bordi: 2000-yilda 744,5 milliard so‘m, 2010-yilda 16,4 trillion so‘m va 2020-yilda 210,1 trillion so‘m miqdorida mablag‘lar iqtisodiyotga yo‘naltirildi.
So‘nggi besh yillikda esa o‘sish suratlari yanada jadallashganini kuzatish mumkin. Agar 2021-yilda 239,5 trillion so‘m investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2024-yil yakuniga kelib bu raqam 507,4 trillion so‘mdan oshdi. 2025-yilgi 591,1 trillion so‘mlik ko‘rsatkich esa mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va iqtisodiy barqarorligi yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.
Bunday ulkan moliyaviy oqimlar yangi korxonalar ishga tushishi, infratuzilmaning zamonaviylashishi va aholi farovonligining oshishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA