Investitsiya loyihalari – senatorlar e’tiborida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi Ishchi guruhi Namangan viloyatida o‘rganishlar olib bordi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari, parlamentda doimiy faoliyat yurituvchi senator Odiljon Mamatkarimov boshchiligidagi guruh a’zolari dastavval xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mahalliy Kengash kotibiyatiga yaratilgan shart-sharoitlar, deputatlarning vakolatlari doirasida olib borayotgan ishlari, aholi bilan muloqotlari hamda ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilindi.

Qolaversa, “Xalq uyi” faoliyatini yanada takomillashtirish, deputatlarning samarali faoliyatini ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lish va ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda faollikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi guruhi bir qator tumanlardagi sanoat, ishlab chiqarish majmualarida bo‘lib, viloyatning iqtisodiy, investitsiyaviy salohiyatining holatini ko‘zdan kechirildi.

Jumladan, Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy farm” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar, sohaviy ixtisoslashuv darajasi, xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb etish jarayonlari bilan tanishildi.
Senat ishchi guruhi hamda To‘raqo‘rg‘on tumani Kengashi deputatlari, doimiy komissiyalar raislari “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan “Iftixor kiyim sanoati” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli fabrikada bo‘lishdi. Mazkur jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan eksportbop tekstil mahsulotlari allaqachon Yevropa bozorlarini muqim egallagani e’tiborga molik.

Shuningdek, tashrif doirasida Chust tumanida “Megaton” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan avtoklavli gazoblok ishlab chiqarish korxonasidagi qurilish-montaj ishlari jarayoni hamda vodiydagi yirik metallurgiya zavodi – “Tai Chang Special Steel” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida infratuzilmani yaxshilash, gaz, elektr, suv tarmoqlarini belgilangan muddatlarda tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazib berilishini ta’minlashni hamda yo‘l qurilishlariga mas’ul mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini doimiy komissiyalar va mahalliy Kengashlar sessiyalarida muhokama qilib borish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA