Shu kunlarda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya vakillarini Ufa shahrida Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov tantanali kutib oldi. Shundan so‘ng Boshqirdiston Respublikasi hamda Toshkent va Farg‘ona viloyatlari o‘rtasida strategik sheriklik masalalari bo‘yicha uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Boshqirdiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiy rivojlanish va investitsiya siyosati vaziri Rustam Muratovning ikki mamlakat bo‘yicha fikrlari tinglanib, videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining investitsion salohiyati xususida nutq so‘zladi.
Muzokaralar davomida turizm, sanoat va yog‘ochni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi sohalarida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Boshqirdiston Respublikasi va Toshkent viloyati Savdo-sanoat palatalari rahbarlari V2V va G2B formatda tadbirkorlar bilan muloqotlar uyushtirdi. O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Forum yakunida Toshkent viloyatining savdo, iqtisodiy, investitsiyaviy salohiyati to‘g‘risida taqdimot qilindi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri