Sayyot Qosimov, Kogon tumanidagi “Kogon Mars Plyus” MCHJ rahbari, “Shuhrat” medali sohibi:
– Mamlakatimizda kichik, o‘rta biznes vakillari, umuman soha xodimlari uchun keng imkoniyatlarning yaratib berilayotganligi tadbirkorlikni rivojlantirishning yangi ufqlarini ochmoqda.
Buxoro viloyati Kogon tumanining “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘inida 2007 yilda tashkil etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyatda neft-gaz sohasida ishlatiladigan uskunalarni ta’mirlash va ular uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 20 avgust sanasining yurtimizda tadbirkorlar kuni sifatida nishonlab kelinayotganligi, sohaning peshqadam vakillari bilan Prezidentimiz uchrashuvlari o‘tkazilayotganligi mavjud muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini bermoqda. Bunday yuzma-yuz, samimiy va dildan suhbatlarni barcha hamkasblarim qatori alohida intiqlik va sabrsizlik bilan kutaman. Sababi, shunday uchrashuvlarda ko‘nglimizdagi asosiy reja va maqsadlarimiz butun mazmun-mohiyati bilan o‘rtaga tashlanadi, tadbirkorlarning murojaatlari inobatga olingan holda tegishli mutasaddilarga topshiriqlar beriladi.
Korxonamizda 54 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, korxonaning yillik aylanmasi yildan-yilga oshib bormoqda. Agar 2023 yilda bu boradagi ko‘rsatkich 13271,5 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yil oxiriga borib yillik aylanma 17758,4 million so‘mga yetdi. Korxonamiz bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi loyihaga muvofiq esa 2,20 gektar maydonning 2900 kvadrat metrida ma’muriy va ishlab chiqarish binolari barpo etiladi. 50 milliard so‘mlik loyiha ijrosi ta’minlangach, 120 ta yangi ish o‘rni yaratilib, mahalliy aholi vakillarining bandligi ta’minlanadi.
Prezidentimiz ishtirokida o‘tkazilgan bu yilgi ochiq muloqotda bildirilgan o‘rinli taklif, tashabbus va istiqbolli g‘oyalar va ularning amaldagi ijrosi barcha tadbirkorlar qatori meni ham o‘z faoliyatimda yangi marralarni qo‘lga kiritishimga da’vat etadi. Bu yilgi Tadbirkorlar kuni arafasida esa bir guruh hamkasblarim qatori “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligim kamtarona mehnatlarimga berilgan munosib bahodir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri yozib oldi.