Internet xizmatlari yana arzonlashdi
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi mamlakatimizdagi provayderlar uchun internet xizmatlari narxi 1 Mbit/sekund uchun 136,34 dollarga tushirilganini ma’lum qildi.
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi mamlakatimizdagi provayderlar uchun internet xizmatlari narxi 1 Mbit/sekund uchun 136,34 dollarga tushirilganini ma’lum qildi.Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgani samarasida internet xizmatlari tobora yaxshilanib, undan foydalanish narxlari arzonlashib bormoqda.
2015-yil yanvar oyida provayderlar uchun internet xizmatlari narxi 1 Mbit/sekund uchun 259,29 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, dekabrga kelib narxlar 157,60 dollargacha tushirilgan, ya’ni deyarli 40 foizga arzonlashgan. Joriy yilda ham bu boradagi narxlar pastladi va hozirgi kunda 136,34 dollarni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatimizda 100 dan ortiq operator va provayder tomonidan 10 milliondan ziyod abonentga internet xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Xalqaro axborot tarmoqlariga ulanish tezligi 26,4 Gbit/sekundni tashkil etmoqda.
Narxlarning tushirilishi, tezlikning oshirilishi natijasida internet xizmatlaridan foydalanayotganlar soni tobora ortib bormoqda. Bu internet tarmog‘ining milliy kontenti rivojiga, internet, videotelefoniya, IP-TV, HDTV-kanallarini ko‘rish kabi keng polosali internet xizmatlari, interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirishga zamin yaratadi.