Internet va raqamli xizmatlarda iste’molchi huquqlari o‘rganilmoqda
Bugun internet, striming va raqamli televideniye xizmatlari hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Tarif tanlashdan tortib, xizmat shartlari va to‘lovlarga qadar har bir bosqichda iste’molchi uchun aniq va to‘liq ma’lumot bo‘lishi muhim.
Shuningdek, fuqaro qaysi xizmat uchun qancha to‘layotganini, xizmat ko‘rsatish shartlari qanday ekanini va o‘z huquqlarini aniq bilishi kerak. Afsuski, bu borada ayrim operator va provayderlarning mobil ilovalari hamda veb-saytlarida kamchiliklar uchramoqda. Shu bois Raqobat qo‘mitasi striming, internet va raqamli televideniye xizmatlari platformalarini o‘rganishni boshladi.
Iste’molchilardan telekommunikatsiya xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan shikoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2026-yilning bugungi kun holatiga ikki barobarga ko‘payib, 1000 dan ortiqni tashkil etdi.
Tahlillarga ko‘ra, ayrim operator va provayderlarning mobil ilovalari hamda veb-saytlarida tariflar va narxlar, xizmat ko‘rsatish shartlari, ommaviy oferta va boshqa zarur ma’lumotlar to‘liq joylashtirilmagan. Shuningdek, ayrim axborotlar davlat tilida taqdim etilmayotgani aniqlangan.
Qo‘mita hozirda striming, internet va raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar platformalarida iste’molchilar uchun zarur axborotlarning taqdim etilishi va qonunchilik talablariga muvofiqligini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.
Shu munosabat bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlardan mobil ilova va veb-saytlarida iste’molchilar uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni to‘liq taqdim etish hamda ularni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish talab etiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA