Buxoroda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududiy boshqarmasi tomonidan mahalliy hamda Respublika ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Tadbir avvalida boshqarma boshlig‘i Alijon Yaxshiyevning umumiy faoliyatga doir axboroti eshitildi. Ta’kidlanganidek, viloyat aholisi soni 2 millionga yaqinlashib qolgan bo‘lsa, yakunlanayotgan yilda 48 ming 700 tadan ortiq xonadon yuqori tezlikdagi internet va boshqa kommunikatsiya xizmatlariga ulangan. Bu ko‘rsatkichni 2022 yilda 97 mingtadan oshirish rejalashtirilgan. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar soni esa o‘tgan yili 1 milliondan oshgani holda bu yilning shu davrida 400 mingtaga ko‘paygan. Joriy yilda viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan axborot–kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari hajmi 277,1 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Bunda o‘sish sur’ati esa 117 foizga yetgan.
2022 yil yakuniga qadar har bir aholi punkti 10 mbit/s dan kam bo‘lmagan ma’lumotlarni uzatish tezligidagi internet tarmog‘iga ulanishi belgilangan. Hozirda viloyatda 1 ming 468 ta aholi punkti mavjud bo‘lib, shundan bugunga kelib 85,3 foizi, ya’ni 1 ming 252 ta aholi punkti yuqori tezlikdagi internet xizmati bilan qarab olingan. «O‘zbektelekom» AK Buxoro filiali tomonidan joriy yilning ikkinchi yarmida 92 ming 160 portga mo‘ljallangan 66 ta yangi zamonaviy OLT qurilmalari o‘rnatilgan. 1 ming 496 kilometr uzunlikda optik tolali aloqa liniyasi tortilgan. Bu sa’y-harakat tufayli internet qamrovi yetib bormagan 216 ta aholi punkti yuqori tezlikdagi internet xizmati bilan to‘liq ta’minlangan. Mijozlarga 1 Gbit/s tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.
Telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bilan birga, viloyatdagi jami 1 ming 263 ta ijtimoiy soha ob’ekti, jumladan 566 ta xalq ta’limi inshooti, 445 ta maktabgacha ta’lim, 252 ta tibbiyot muassasasi optik tolali aloqa liniyalari qurilib, yuqori tezlikdagi Internet xizmati joriy qilingan. Shuningdek, viloyat shahar va tumanlaridagi 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inining barchasi yuqori tezlikdagi Internet xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan.
Ta’kidlanganidek, viloyatda mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida 2021 yilda 16 ta yangi baza stansiyasi o‘rnatilgan. 91 ta mavjud baza stansiyalari tezkor internet texnologiyasi asosida modernizatsiya qilingan. Viloyat aholi maskanlari mobil aloqa bilan 99 foizga, tezkor mobil internet bilan 86 foizga qamrab olingan. Aholining kundalik ehtiyojiga mos ravishda viloyat aholi yashash maskanlari raqamli televideniye signallari bilan 100 foiz qamrab olingan.
Bugunga kelib viloyatdagi barcha aholi punktlari mavjud 114 ta pochta aloqa bo‘limlari orqali pochta aloqa xizmatlaridan foydalanmoqda. Aholiga interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida barcha aloqa bo‘limida 34 turdagi elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shahar va tumanlardagi 37 ta pochta aloqa bo‘limida autsorsing asosida bank xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Viloyatning 8 ta shahar va tumanida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilgan.
Mazkur o‘quv markazlarida 12 nafardan menejer va o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Jami 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Muhimi, bu markazlar bir vaqtda 360 nafar tinglovchini o‘qitish quvvatiga ega. Hozirga qadar 2 ming nafardan ziyod yoshlarning axborot kommunikatsiya texnologiyalariga doir savodxonligi oshirilgan. Shu kunlarda 210 nafar yigit-qiz o‘qishni davom ettirmoqda. Yil davomida 5 mingdan ortiq yosh qamrab olinayotgani ham quvonarli. Viloyatdagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan jami mingdan ortiq raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi to‘garaklarga 39 ming 743 nafar o‘quvchi qamrab olingan.
Ayni kunda Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Bir million dasturchi» loyihasiga muvofiq 35 ming 535 nafar yigit-qiz www.uzbekcoders.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, ulardan 21 ming nafardan ziyodi ishtirokchi sertifikatini va 16 ming 90 nafari bitiruvchi sertifikatini olgan. Bugun IT maktablarini tashkil etish bo‘yicha viloyatda ham amaliy harakat boshlangan. Bu borada o‘tgan yili Buxoro shahridagi 7-sonli tayanch umumta’lim maktabi hamda 2021 yilda Olot tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etildi. Har ikki ta’lim dargohida 2 ta informatika, 1 ta robototexnika xonalari qayta ta’mirlanib, jihozlangan.
Buxoro shahridagi 7-sonli tayanch ta’lim dargohi 1 ming 176 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirgi kunda 901 nafar o‘quvchi yoshga 65 nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Xususan, 47 ta kompyuter, zamonaviy mebel jihozlari va orgtexnika vositalari bilan ta’minlangan. Bu kabi ishlarga “Unicon.uz” homiyligida 560 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan. Hozirda mazkur maktabda IT yo‘nalishida 62 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
[gallery-5212]
Olot tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi 480 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 546 nafar o‘quvchiga 44 nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Xususan 33 ta kompyuter, zamonaviy mebel jihozlari va orgtexnika vositalari bilan ta’minlangan. Hozirda mazkur maktabda IT yo‘nalishida 31 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Press-tur ishtirokchilari tarmoq mutasaddilari hamrohligida «O‘zbekiston pochtasi» AJ Buxoro filiali, “Uzmobile” filiali Buxoro bog‘lamasi ofisi, “Turon Telecom” nodavlat telekommunikatsiya xizmati, shuningdek, «O‘zbektelekom» AK tasarrufidagi Buxoro shahar telekommunikatsiya bog‘lamasining 5-ATS dagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi va modernizatsiyalashtirilgan MSAN zamonaviy qurilmasi afzalliklari, «Moxi-xossa» hududi, Sheyxon aholi punktidagi OLT zamonaviy qurilmasi, «O‘zbektelekom» AK tasarrufidagi «Yosh aloqachi» oromgohi huzurida tashkil qilingan «Yashil makon» loyihasi, qolaversa, viloyat markazidagi “UNITEL” bosh ofisi hamda IT– park Buxoro filiali faoliyati bilan batafsil tanishdi. Press-tur doirasida o‘rganilgan har bir manzilda mas’ul mutasaddilar yangi loyihalar amaliyoti, olib borilayotgan faoliyatga doir jurnalist va blogerlarga atroflicha axborot berdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA