Poytaxtimizdagi "Kitob olami" majmuasida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “WikiStipendiya II” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda butunjahon internet tarmog‘ida eng ko‘p axborot almashinadigan til ingliz tili bo‘lib, u asosiy ma’lumot almashinuvining 55 foizini egallagan. Keyingi o‘rinlarda ispan hamda rus tillari turadi. O‘zbek tilidagi ma’lumotlarning kamligi esa shu tilda so‘zlashuvchi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga o‘zlariga kerakli ma’lumotni topishiga to‘sqinlik qiladi. O‘z navbatida bugungi globallashuv zamonida raqamli erkinlik ko‘rsatkichlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Anjumanda internet tarmoqlarida o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlar miqdorini ko‘paytirishning eng samarali usullaridan biri bu, vikipediyada o‘zbekcha maqolalar sonini ko‘paytirish ekanligi ta’kidlandi. Sababi, vikipediya ko‘p tilli, erkin, internet ensiklopediyasi hisoblanib, u ko‘ngillilar jamoasi tomonidan ochiq hamkorlik asosida yuritiladi.
Vikipediya bugunga kelib, eng katta va eng ko‘p murojaat qilinadigan ma’lumotlar manbasiga aylangan. Ma’lumot joylashning afzalliklaridan biri axborotning barcha tillarga ulanishidir. Bu esa o‘zaro ma’lumot almashinuvining samarali kechishini ta’minlaydi.

Bugungi kungacha erishilgan natijalarga ko‘ra, “WikiStipendiya” marafoniga start berilganidan keyin vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar soni 239 mingdan oshdi. Tahrirlar soni esa 3 million 724 ming 554 tani tashkil etmoqda. Marafon yakunigacha o‘zbekcha vikipediya 365 tilli reytingda 62-o‘rindan 44-o‘ringa ko‘tarildi. Markaziy Osiyoda maqolalar soni bo‘yicha birinchilikka erishildi.
Zakovat intellektual klubi bilan hamkorlikda “WikiQuiz” o‘yinlari ham tashkil etilib, yoshlar orasida vikipediyani keng targ‘ib qilish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “WikiTaʼlim” loyihasi ish boshladi. Bunda universitet uchun administratorlar biriktirilib, talabalarning vikipediyaga kiritayotgan maqolalari baholandi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida esa talabalar o‘rtasida 50 mln. so‘mlik tanlov e’lon qilindi.
“WikiStipendiya II” marafonining birinchi mavsumi 2022 yilning 20 dekabrida yakunlandi. Marafon g‘oliblarini taqdirlashda jami 28 nafar marafon qatnashchisiga pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Xususan, birinchi o‘rin g‘olibi 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin egasi 40 million so‘m, 3 o‘rindagi qatnashchi 30 million so‘m pul mukofoti sohibi bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘n nafar ishtirokchi 10 million so‘mdan, 5 nafari 20 million so‘mdan qo‘shimcha pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.

– “WikiStipendiya” ning yangi mavsumida bir necha loyihalar amalga oshiriladi, – dedi Yoshlar ishlari agentligi direktorining Davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mehrinoz Abbosova. – Jumladan, o‘zbekcha vikipediyadagi maqolalar chet tillariga tarjima qilinadi. Bunda maqolalar kamida ingliz, rus, ispan, nemis va fransuz tillariga tarjima qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ushbu maqolalar tegishli tillardagi vikipediyalarning administratorlari tomonidan tasdiqlanishi ham ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, o‘zbekcha vikipediyaga respublikamiz hududlari haqida maqolalar joylash va mavjud maqolalar sifatini yaxshilash ham rejaga kiritilgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA