Internet-festival yakunlari sarhisob qilindi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida UZ milliy domeni internet-festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida UZ milliy domeni internet-festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
U O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ko‘magida “UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi hamda “InfoCOM.UZ” jurnali tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda internet tarmog‘ida UZ domeni saytlarining ko‘payishi va o‘zbek tilidagi segmentni rivojlantirish mamlakatimiz axborot sohasida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yorqin samarasi ekani ta’kidlandi.
Har yili o‘tkazib kelinayotgan UZ milliy domeni internet-festivali aholi keng qatlamlari o‘rtasida internet tarmog‘ini ommalashtirish, milliy kontentni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda o‘zbek tilining butunjahon axborot tarmog‘ida qo‘llanish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilayotir.
Saytlar internet-texnologiyalar, san’at, madaniyat, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarning nufuzli mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
Bu yilgi festival tanlov dasturi o‘n mavzu va ikkita maxsus nominatsiyani o‘z ichiga oladi. Tanlov dasturiga har o‘n mavzu bo‘yicha ishtirokchilar uchun WWW.UZ milliy izlash tizimining maxsus mukofoti kiritilgan. Ma’lum vaqt ichida o‘z nominatsiyasida eng ko‘p ball to‘plagan o‘nta sayt g‘olib deb topildi, shuningdek, festivalning besh sovrindori aniqlanib, tegishli diplomlar bilan taqdirlanadi.
Joriy yilda tanlovga 800 dan ortiq ariza kelib tushdi va unda 549 sayt ishtirok etdi. Har bir nominatsiyada birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan g‘oliblar diplom va sovg‘alar bilan mukofotlandi.
Ayniqsa, “Tarmoq servislari sohasidagi eng yaxshi sayt” nominatsiyasi keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Negaki, barcha joylarda jahon internet tarmog‘i qatorida internet-xizmatlar sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Ushbu nominatsiyada bozor.uz sayti birinchi, e-savdo.uz va click.uz. ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egalladi.
– Men yaratgan sayt – «hamma narsa uy uchun» formatida savdo qilishga mo‘ljallangan internet-maydondir, – deydi bozor.uz sayti asoschisi Baxtiyor Hasanov. – Bugun mamlakatimiz aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i butunjahon tarmog‘idan foydalanadi va bu onlayn-biznesni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratmoqda. O‘z tajribamdan kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkinki, O‘zbekistonda ham tarmoq xizmatlari bozori istiqbollidir.
“Fan va ta’lim sohasidagi eng yaxshi sayt”, “Davlat boshqaruvi va davlat hokimiyati organining eng yaxshi sayti”, “Mavzuga oid eng yaxshi sayt”, “Madaniyat sohasidagi eng yaxshi sayt”, “Eng yaxshi OAV sayti”, “Eng yaxshi korporativ sayt” va boshqa nominatsiyalarda ham g‘oliblar aniqlandi.
Festival doirasida mamlakatimiz dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan eng yaxshi mobil ilovalar va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar ham taqdirlandi.