Internat tarbiyalanuvchilariga eshitish moslamalari berildi
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan (kar va zaif eshituvchi) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 61- maktab-internati tarbiyalanuvchilariga eshitish moslamalari tarqatildi.
– Muassasamizda 373 nafar alohida ta’lim ehtiyoji bor bola tarbiyalanadi, – deydi 61-maktab-internat direktori Gulara Irgasheva. – Binolarimiz 2016-2017 yillarda mukammal ta’mirlanib, bugungi kun talablariga mos sharoit yaratilgan. 2016 yildan muassasamizda inklyuziv ta’lim berish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida 26 nafar o‘quvchimiz umumta’lim maktablariga o‘tkazildi. Birgina joriy o‘quv yilida 12 nafar tarbiyalanuvchimiz umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qishni davom ettirmoqda. Bugun berilgan zamonaviy eshitish moslamalari tarbiyalanuvchilarimizning ta’lim jarayonlarini yaxshi o‘zlashtirishiga zamin yaratadi. Natijada ularning jamiyatga moslashishi, sog‘lom bolalar qatorida ta’lim-tarbiya olish imkoniyati oshadi.
[gallery-9291]
Respublika Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari hamkorligida amalga oshirilayotgan “Men eshitishni xohlayman” loyihasi asosida maktab-internatda tarbiyalanayotgan va uni bitirgan 400 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar mutaxassislar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, ikki tomonlama eshitish moslamalari tarqatildi.
– Loyihamiz butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirilmoqda, – deydi Respublika Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i Dilafro‘z Hayitova. – Bundan ko‘zlangan maqsad imkon qadar eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni ijtimoiy jamiyatga moslashtirishdan iborat. Ushbu moslama eng zamonaviy moslama bo‘lib, uni televizor, telefonga ulash imkoniyati mavjud. Bu moslamalar orqali inklyuziv ta’lim orqali bolalar ijtimoiy jamiyatga moslashib, sog‘lom tengdoshlari safiga qo‘shilish imkoniyati ortadi.
Viloyatdagi boshqa maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilariga ham shu kabi vositalar tarqatish rejalashtirilgan.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA