"INTER GRAIN" mahsulotlari to‘liq eksportga yo‘naltirilmoqda
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Yangiyer shahriga bordi.
Viloyat rahbari “Yangiyer” kichik sanoat zonasidagi "INTER GRAIN" MCHJ XK tomonidan amalga oshirilgan umumiy qiymati 8 million AQSH dollarlik un mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini ko‘zdan kechirdi. Korxonaga tashrif buyurganlar bug‘doyni tozalash, uni qanday qilib sifatli un mahsulotiga aylantirishgacha bo‘lgan jarayonni kuzatdi.

Xom ashyo zaxirasi haqida gap ketganda, korxona ta’sischisi Hadji Xayruddin omborxonada saqlanayotgan bug‘doy zaxirasini ko‘rsatib korxonani to‘la quvvat bilan ishlashiga qat’iy ishonch bildirdi. Ta’kidlanishicha, ish elektron boshqaruv asosida tashkil etilgan. Ya’ni sexdagi ish kompyuterlarda taqsimlanadi, kuzatiladi, yo‘naltiriladi.

Korxonadagi jihozlar Turkiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiyalardir. Ular asosida bir kecha-kunduzda 450 tonna, yiliga 135 ming tonna un mahsuloti ishlab chiqarilib, u 100 foiz eksportga yo‘naltirilmoqda. Korxonada ayni kunlarda 150 kishi ish bilan ta’minlangan.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA