Intensiv bog‘dorchilik eksport va daromadni oshirishga xizmat qiladi
Yangi farmon
O‘zbekistonda mevachilik tarmog‘ini zamonaviy bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjat qabul qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Sanoat usulidagi intensiv mevali bog‘lar barpo etish va eskirgan bog‘larni yangilashni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohada yangi islohotlar uchun huquqiy asos yaratdi.
Hujjatning asosiy maqsadi 2026-2028-yillar davomida mamlakat bo‘ylab 172 ming gektar sanoatlashgan intensiv bog‘lar tashkil etishdan iborat. Bu nafaqat qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki eksportbop mahsulotlar yetishtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yer resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda respublikada ko‘plab mevali bog‘lar qarib, hosildorligi pasaygan. Ayrim maydonlarda daraxtlar iqtisodiy jihatdan samara bermay qo‘ygan bo‘lsa-da, ular rasman bog‘ sifatida saqlanib kelinmoqda. Bu esa yer va suv resurslarining samarasiz sarflanishiga sabab bo‘lmoqda.
Yangi farmon aynan shu muammoni hal qilishga qaratilgan. Endi eskirgan bog‘larni yaroqsiz deb topish va ularni qayta tashkil etish bo‘yicha vakolatlar Agrosanoatni rivojlantirish agentligiga ham beriladi.
Bu hujjat sohada qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirishi va iqtisodiy samara bermaydigan maydonlarni qayta tiklash imkonini oshirishi mumkin.
Farmonda nafaqat imtiyozlar, balki aniq talablar ham belgilangan. Jumladan, agar eski bog‘ni yangilash yoki uning o‘rnida yangi intensiv bog‘ tashkil etish bo‘yicha xulosa berilganidan keyin 12 oy davomida yangi bog‘ barpo etilmasa, yer solig‘i va suv solig‘i uch baravar oshiriladi. 24 oy davomida ham bog‘ tashkil qilinmasa, ushbu maydon uchun suv olishga cheklov qo‘yiladi. Bu mexanizm yerlarni faqat rasman egallab turish amaliyotiga barham berishga xizmat qilishi mumkin. Zero, davlat yerdan samarali foydalanishni talab qilmoqda.
Intensiv bog‘ – bu zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etiladigan, yuqori hosildor navlar ekiladigan va suv tejovchi tizimlar bilan jihozlanadigan bog‘ hisoblanadi.
Oddiy bog‘larda daraxtlar keng masofada ekiladi va hosilga kirishi uchun bir necha yil talab qilinadi. Intensiv bog‘larda esa ko‘proq ko‘chat ekiladi, hosilga ertaroq kiriladi. Har gektardan olinadigan hosil hajmi yuqori bo‘lib, suv va mehnat sarfi kamayadi. Eksport uchun sifatli mahsulot yetishtirish imkoniyati ortishi ham ahamiyatli.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, farmon mamlakat mevachiligini ekstensiv emas, balki intensiv rivojlantirishni maqsad qilgan.
Hujjatning eng muhim jihatlaridan biri moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralaridir. 2026-yil 1-iyuldan boshlab intensiv bog‘ tashkil etuvchi tadbirkorlarga tijorat banklari orqali 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 14 foiz stavkada, har gektar uchun 120 million so‘mgacha kredit ajratiladi.
Bu mablag‘lar ko‘chat xarid qilish, tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, texnikalar sotib olish va boshqa xarajatlarni qoplash imkonini beradi.
Mutaxassislar fikricha, intensiv bog‘larni tashkil etish katta boshlang‘ich sarmoya talab qiladi. Shuning uchun imtiyozli kreditlar sohaning jadal rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin.
Farmonda yuqori sifatli ko‘chatlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, xorijdan “in-vitro” usulida yetishtirilgan va sertifikatlangan ko‘chatlarni import qilish uchun tadbirkorlarga maxsus kreditlar ajratiladi. Bu orqali yuqori hosildor va kasalliklarga chidamli navlarni mamlakatga olib kirish rag‘batlantiriladi.
Qayd etish kerak, keyingi yillarda meva-sabzavot mahsulotlari O‘zbekiston eksportining muhim qismini tashkil etmoqda. Jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan bir paytda mahsulot sifati va hosildorlik asosiy omilga aylanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi farmon intensiv bog‘lar maydonini kengaytirish orqali eksport hajmini oshirib, fermerlar daromadini ko‘paytirishga erishiladi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash kabi vazifalarni hal etishga xizmat qilishi mumkin.
Agar hujjatda belgilangan vazifalar to‘liq amalga oshirilsa, kelgusi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy intensiv bog‘lar maydoni sezilarli darajada kengayadi. Mahsulot hajmi va sifati oshishi hamda mamlakatning eksport salohiyati yanada mustahkamlanishi mumkin.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri