Intensiv bog‘lar – farovonlik omili
Xorazm viloyati Yangibozor tumanida Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etilgan namunaviy intensiv bog‘ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xorazm viloyati Yangibozor tumanida Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etilgan namunaviy intensiv bog‘ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti, Fermerlar kengashi, Xorazm viloyati hokimligi, viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida aholini tabiiy toza va servitamin oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, meva-sabzavotchilik va bog‘dorchilikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 22-oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Xorazm viloyatida yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida 400 gektar intensiv bog‘ barpo etildi. Ayni paytda bog‘dorchilikni rivojlantirish, zamonaviy usullarni keng joriy etish, bog‘bonlarning ilg‘or tajribasini ommalashtirishda yangi imkoniyatlar yaratish borasida xorijiy tajribalarni o‘rganish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati bilan hamkorlikda Urganch davlat universiteti o‘quv-tajriba xo‘jaligi hududida 5 gektar maydonda barpo etilgan intensiv bog‘da xorijdan keltirilgan olma, gilos, olxo‘ri, behi kabi mevali daraxt ko‘chatlarining voha iqlimiga chidamli 15 dan ortiq navi ekilib, sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelgusida yaxshi rivojlangan navlar tanlab olinadi va ko‘paytirilib, bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklariga yetkazib beriladi.
– O‘zbekiston – serquyosh o‘lka, tuprog‘i unumdor, – deydi Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati loyiha rahbari Torsten Bretsina. – Bu bog‘dorchilikda muhim ahamiyatga ega. Yurtingiz bog‘larida yetishtirilgan sarxil mevalarning sifati va mazasi dunyo bozorida juda mashhur. Hamkorlikda tashkil etilgan intensiv bog‘larning afzal tomoni nisbatan kichik maydondan, kam suv sarflab, ko‘p hosil olish mumkin. Mahalliy bog‘larda bu ko‘rsatkich ancha past. Joriy etilayotgan zamonaviy sug‘orish texnologiyasi suvdan tejamkorlik bilan foydalanish imkonini beradi.
Soha mutaxassislari va fermerlar yangi intensiv bog‘da parvarishlanayotgan ko‘chatlarning rivojlanishi, ularga ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish usullari bilan tanishdi, o‘zaro tajriba almashdi.