Intensiv bog‘lar – daromad manbai
Saxiy zaminimizning har qarichi oltinga teng. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurtimizda olma, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, bodom, yong‘oq kabi mevalarning yuzdan ortiq turi uchraydi.
Saxiy zaminimizning har qarichi oltinga teng. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurtimizda olma, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, bodom, yong‘oq kabi mevalarning yuzdan ortiq turi uchraydi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2006-yil 11-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda meva-sabzavot va uzum yetishtirishni ko‘paytirish, joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda qayta ishlashga ixtisoslashgan kichik korxonalarni barpo etishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Sohaga qaratilayotgan e’tibor tufayli meva va uzum yetishtirish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Xususan, 2012-2014-yillarda sabzavot yetishtirish 16,3 foiz, meva yetishtirish qariyb 21 foizga o‘sdi. Ularning eksport hajmi ham muttasil ortib borayotir. Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilgan meva va poliz mahsulotlari Germaniya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya hamda MDH mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Haqiqiy bog‘bon har bir niholni qadrlaydi, serhosil ko‘chatlar ekish va parvarishlashga alohida e’tibor qaratadi. Shu bois hozir bog‘dorchilikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, intensiv bog‘lar barpo etish texnologiyasi rivojlanmoqda. 2010-yili Ukraina va Polshadan keltirilgan pakana va yarim pakana olma, nok, olxo‘ri, gilos va shaftoli ko‘chatlari iqlim sharoitimizga tez moslashib, hosil bera boshladi.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishicha, bunday bog‘larni kengaytirish, ularni dehqon va fermer xo‘jaliklarida barpo etish maqsadida aniq manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. So‘nggi to‘rt yilda 50 ming gektarda shunday bog‘lar tashkil qilindi. Jumladan, 14 ming gektarda tez hosilga kiradigan intensiv bog‘lar barpo etildi. Samarqand va Toshkent viloyatlarida 1300 gektardan, Navoiyda 750 gektar, Qashqadaryoda 600, Surxondaryo, Namangan va Andijon viloyatlarida 400 gektardan pakana va yarim pakana bog‘lar baravj rivojlanmoqda.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Mirishkor Sayfiddinova Xonzoda” fermer xo‘jaligi faoliyati bunga misol. Xo‘jalik intensiv bog‘dan bir necha yildan buyon mo‘l hosil olmoqda. Oddiy mevali daraxt ekilganidan boshlab hosilga kirgunga qadar 4-5-yil o‘tadi. Intensiv bog‘lar esa ikkinchi-uchinchi yildayoq hosilga kiradi.
Ilgari fermer xo‘jaligining 25 gektar toshloq maydoniga nasos yordamida suv chiqarish uchun har yili 10 million so‘mdan ko‘proq xarajat qilinar, bu esa daromadga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Mulkdor yerning holatini yaxshilash orqali 2010-yili olma, nok, gilos ko‘chatlari ekib, 9 gektar yerda bog‘ yaratdi. Hozir bog‘ 20 gektarga yetdi.
– To‘rt xil navdagi olmalar avgust va sentabr oylarida pishib yetiladi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Zahriddin Sayfiddinov. – Dastlab 30 tonnaga yaqin hosil olgan bo‘lsak, hozir hosildorlik har bir daraxtdan 25 kilogrammga yetdi. Bunday bog‘larda daraxt tanasiga yorug‘lik tushishi, havo aylanishi yaxshi bo‘lgani bois mevasi sifatli bo‘ladi. Mevani terish ham qulay. Bunda ish unumi yuqori bo‘lishi bilan birga, terilgan mevalarning sifatiga zarar yetmaydi, nobudgarchilik kamayadi.
Bog‘ tomchilatib sug‘oriladi. Bu jarayonda bir gektar uchun sarflanadigan obihayot miqdori 4-5 barobar, o‘simlikni rivojlantirish maqsadida beriladigan mahalliy va mineral o‘g‘itlar 2-3 barobar tejaladi. Daraxtlar zarur ozuqa qo‘shib oziqlantirilayotgani tufayli mehnat sarfi ham ilgarigiga qaraganda ancha kamaydi. Bu esa har qarich yerdan unumli foydalanib, mo‘l hosil yetishtirish imkonini beradi.
Ana shunday bog‘ va tokzorlar maydonini kengaytirish, yangi navlar biologiyasi, iqlim sharoitiga moslashuvi, agrotexnikasini takomillashtirish, kasallik va hasharotlarga qarshi kurashishda M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining katta hissasi bor. Bu yerda xorijdan keltirilgan navlar orasidan eng serhosil va iqlimga moslari tanlanib, ularni ko‘paytirish borasida ilmiy izlanishlar amaliyot bilan uyg‘un olib borilmoqda.
Natijada keyingi yillarda intensiv bog‘lar yaratishda asosan tog‘ va tog‘oldi hududlari, shuningdek, suv taqchil yerlarda payvandtaglarga pakana ildiz-bo‘g‘iz qo‘yish yo‘li bilan yetishtirilgan ko‘chatlardan foydalanish texnologiyasi keng joriy etilmoqda. Bunday bog‘lar ikki yilda hosilga kirib, oltinchi yili gektaridan 50-60 tonnagacha meva berishi bilan ajralib turadi.
– Intensiv bog‘larimizda olma, nok, behi, o‘rik, olxo‘ri, shaftoli, gilos va xurmo parvarishlanmoqda, – deydi M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti agrotexnika bo‘limi mudiri Abdulla Aripov. – Olma ko‘chatlari tez hosilga kirishi, ko‘chatlar qalin ekilishi (gektariga 2500-3000 dona) va hosildorligi yuqoriligi bilan ko‘pchilikka ma’qul bo‘layotir. Ko‘chatlar payvand qilinib, ko‘chatzorlarda o‘stiriladi. Intensiv bog‘larda ekilayotgan olma ko‘chatlarining asosiy navlari davlat reyestriga kiritilgan pakana bo‘yli M9 va yarim pakana MM106 payvandtaglariga istiqbolli navlar payvand qilinib, ko‘paytirilmoqda.
Pakana olma ko‘chatining bir tupi to‘liq hosilga kirganda 50-60 kilogramm hosil beradi va 18-20-yil yashaydi. Yarim pakana olma daraxtining har tupidan 70-80 kilogramm hosil olish mumkin. Ularning ildizi tuproq yuzasiga yaqin joylashgani sababli suvga talabchan. Shuning uchun ular tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tkazilganda yaxshi o‘sib, tez rivojlanadi. Mevalari ham bir xil shaklini saqlab qoladi.
Institutda aholini mevali va manzarali ko‘chatlar bilan ta’minlash, tegishli tavsiyalar berish borasidagi ishlar ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda bir million donadan ziyod yarim pakana, ikki million dona mahalliy mevali daraxtlar ko‘chati va olti million donadan ortiq tok qalamchasi tayyorlandi.
– Hozirga qadar sohibkorlarga 300 ming donadan ortiq yarim pakana ko‘chat yetkazib berildi, – deydi institutning seleksiya va yangi navlarni o‘rganish bo‘limi mudiri Ravshan Abdullayev. – 2014-yili mamlakatimizda 5,6 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilda bundan ham yuqori ko‘rsatkich mo‘ljallanmoqda. Fermerlarning bog‘ yaratishga bo‘lgan qiziqishi tobora oshmoqda. Shu sababli barcha viloyatlarda aholi va fermerlar uchun intensiv bog‘larning afzalligi, ularni oziqlantirish qoidalari xususida tushuntirishlar berish maqsadida o‘quv-seminarlar o‘tkazdik.
Institutning ilmiy-tajriba markazida yer va suvdan unumli foydalanish, muqobil issiqlik manbalarini qo‘llash borasida qator yangiliklar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Sun’iy tuman hosil qilish yo‘li bilan o‘simliklarni ko‘paytiruvchi issiqxona shular jumlasidandir. Uch sotixdan iborat issiqxonada 20 ming dona limon ko‘chati parvarishlanmoqda. Shuningdek, yana to‘rt gektar yerda xorijiy va mahalliy meva navlarining oltmishdan ziyod turi ko‘paytirilmoqda.
Xitoy texnologiyasi asosidagi taxminan ikki metr chuqurlikda, yerdan shuncha balandlikdagi devor bilan to‘silgan issiqxonalarda harorat tabiiy ravishda maromida saqlanadi. Unga quyosh nurining sutkada 13-14 soat vaqt davomida tushishi ta’minlangani bois qo‘shimcha isitish tizimiga zarurat qolmaydi. Mevalar odatdagidan bir-ikki oy barvaqt yetiladi. Hozir ushbu tizim asosida beshta issiqxona tashkil etilgan.
Intensiv bog‘lar ko‘payib, hosildorligi yildan-yilga ortib borayotgani aholini yil davomida sarxil mevalar bilan ta’minlash imkonini beradi. Qolaversa, tadbirkorlar va fermerlar mevani qayta ishlab, ulardan sharbatlar, murabbolar tayyorlab, xalqimiz dasturxoniga yetkazib bermoqda.