Intensiv bog‘ hududida yong‘in sodir bo‘ldi
Bugun, 28 iyul ertalab soat 7:56 da Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “Yangidiyor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “EzerAgro.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli intensiv bog‘ hududidagi ma’muriy binoda yong‘in kelib chiqqan.
– Yong‘in sodir bo‘lgan hududga zudlik bilan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi yuborilib, bo‘linmalar yong‘in joyiga soat 8:12 da yetib borgan, – deydi Jizzax viloyati FVB Axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Farrux Abduraxmanov. – Soat 8:15 da yong‘in o‘rab olingan va soat 8:45 da tilsiz yov batamom bartaraf etildi. Xodimlarimizning tezkor harakatlari natijasida ma’muriy binoning 70 kvadrat metr maydoni yong‘indan saqlab qolingan. Yong‘in tufayli hech kim jabrlanmagan.

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, yong‘inga bino tomidan o‘tgan elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan.

Ushbu favqulodda hodisa tufayli ko‘rilgan moddiy zarar miqdori soha mutaxassislari tomonidan aniqlanmoqda.
A.Qayumov. J.Yorbekov (surat), O‘zA