Intellektual mulkni iqtisodiy faollikka jalb etish masalalari muhokama qilindi
Bugungi kunda intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, uni iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylantirish hamda innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xalqaro hamkorlik tobora kengayib bormoqda.
Shveysariyaning Jeneva shahrida o‘tayotgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) Assambleyalarining 68 - seriyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari – intellektual mulk masalalari bo‘yicha milliy organ rahbari Muzraf Ikramov hamda BIMTning Biznes uchun intellektual mulk bo‘limi direktori Gay Pessax o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda intellektual mulk obektlarini tijoratlashtirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Adliya vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuvda 2026-yil mart oyida Samarqand va Buxoro viloyatlarida BIMT, TÜRKPATENT hamda INTA hamkorligida amalga oshirilgan “100 yangi brend” loyihasi natijalari ham yuqori baholandi. Qayd etilishicha, loyiha doirasida yuzlab tadbirkorlar xalqaro ekspertlardan amaliy tavsiyalar oldi.
BIMTning Biznes uchun intellektual mulk bo‘limi direktori Gay Pessax O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, intellektual mulk obektlarini iqtisodiy faollikka jalb etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va milliy brendlarni rivojlantirish borasidagi ishlarni yuksak baholadi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonda IP Management Clinic dasturini joriy etish, kichik va o‘rta biznes subektlari uchun intellektual mulkni boshqarish strategiyalarini ishlab chiqish hamda IP Business Center loyihasini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirish, biznes uchun zamonaviy qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasini yaratish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA